22:00 / 02.04.2019
4997

O‘zbekistonda soxta dori vositalarini fosh qiluvchi mobil ilova ishga tushirilishi kutilmoqda

Foto: Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi

O‘zbekistonda bemorlarga original mahsulotni soxtasidan ajratishga yordam beruvchi mobil ilova ishlab chiqiladi, Britaniya kompaniyasi bilan shu haqidagi muzokaralar olib borilmoqda. Respublika Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi.

Bunday tizim tamoyili ko‘pchilikka tanish: telefonni mahsulot shtrix kodiga yaqinlashtirib, ishlab chiqaruvchi, preparatning sertifikatsiya va yaroqlilik sanasiga oid ma'lumotni olish mumkin. Agar ma'lumot chiqmasa, demak, ko‘z oldingizda soxta preparatdir.

Shubhasiz, tizim barcha uchun muhim, biroq uni joriy qilish – ancha tayyorgarlik va xarajatlarni talab qiladi. Ayni damda Buyuk Britaniyaning Crown Agens kompaniyasi bilan muzokaralar boshlang‘ich bosqichda, biroq ularni tatbiq etish surati ijobiy kayfiyat bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston-Britaniya savdo va sanoat kengashining fevral oyi oxiridagi 24-yig‘ilishi doirasida Crown Agens o‘z taklifi bilan chiqdi. Milliy palata va kompaniya vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan, ularning natijasi sifatida Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi raisi Ravshan Izamov va Crown Agens Limited'ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejyeri Olga Silvestrova o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangan.

27-28 mart kunlari esa Crown Agens kompaniyasi vakillarining Toshkent shahrida Milliy palata, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi kabi manfaatdor tomonlar bilan ikkinchi uchrashuvi o‘tkazildi.

Foto: Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi

"Biz O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladik va faol hamkorlikni boshlaganimizdan xursandmiz. Zero memorandumni imzolash marosimidan bor-yo‘g‘i 3 hafta o‘tdi va biz yana uchuvchi loyiha bilan bog‘liq texnik masalalarni muhokama qilish uchun Toshkentdamiz", - dedi Crown Agens'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejyeri Larisa Kokareva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, innovatsion tizim birinchi navbatda tibbiy preparatlarni kuzatish imkonini beradi. Bugungi kunda BAAda shunday tizim qo‘llanmoqda. O‘zbekiston ham mazkur tizimga ega bo‘luvchi ilk mamlakatlardan biri bo‘lishi mumkin. Mutaxassisning ta'kidlashicha, bu loyiha O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish va tibbiyotda raqamli texnologiyalarni joriy qilishda katta qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Foto: Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi

Ma'lumot uchun: Crown Agens 185 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘z faoliyatining aksariyat qismida u Buyuk Britaniya hukumatining davlat departamenti hisoblanadi. 1997 yilda kompaniya qisman privatizatsiya qilingan, hozirda u to‘liq Crown Agens Fondiga tegishli. Mazkur Fond notijorat tashkilot bo‘lib, ijtimoiy yo‘nalish olgan. Bugunga kelib Crown Agens - sog‘liqni saqlash sohasida ko‘p ishlovchi konsultatsion kompaniya. Bundan tashqari, u davlat sektorida soliq, bojxona, davlat xaridlari kabi sohalarda islohotlar masalalari bo‘yicha katta loyihalarga ega.

Top