18:12 / 02.04.2019
92011

Surxondaryoda aholi noroziliklari. «Sel ishi» doirasidagi 2 milliard mablag‘ qayerga yo‘qolgan?

Yodingizda bo‘lsa, 2018 yilning may oyi o‘rtalarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi  natijasida Surxondaryo viloyatlari hududlarida shiddatli sel yuzaga kelgandi. Sel oqimi Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on, Boysun, Sherobod va Denov tumanlarida aholi turar-joylariga katta talofatlar yetkazgandi. Tabiiy ofat ortidan zudlik bilan mazkur hududlarda tezkor shtablar tashkil etildi. Seldan so‘ng yetkazilgan zararlarni aniqlash maqsadida ishchi guruhlar faoliyat olib bordi. Baholovchi tashkilotlar sel bosgan joylarda bo‘lib, hisobotlar tayyorladi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

2018 yilning 28 iyun kuni e'lon qilingan Vazirlar Mahkamasining 528-f sonli farmoyishida davlat tomonidan ushbu hudud aholisining yashash joylariga sel oqibatida yetkazilgan zararga kompensatsiya to‘lanishi belgilangandi. Farmoyishda 235ta uy vayronaga aylangani va ularni ta'mirlash uchun jami 12,6 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgani ko‘rsatilgandi. Shundan 7 milliard 580 million so‘mi Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Elobod», «Ariqoshgan», «Azlarsoy» va «Bog‘aro» mahallalarida yashayotgan, seldan zarar ko‘rgan fuqarolarga ajratilishi ko‘zda tutilgandi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Erkinjon Turdimov topshirig‘i bilan muammoni hal etish maqsadida ishchi guruh tuzilgandi. Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bu ishlarga shaxsan mas'ul etib tayinlangandi. Uyi vayron bo‘lganlarga yarmi naqd, yarmi plastik kartada pul mablag‘lari tarqatilgandi. Shu bilan birgalikda, ko‘pchilikka homiylar ham biriktirilgandi.

Biroq, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, aholiga berilgan plastik kartalarga «blok» solingan. O‘sha vaqtda aholi murojaati bo‘yicha Kun.uz voqeani joyiga borib o‘rgangandi. Rostdan ham voqea shundayligiga guvoh bo‘lgandik. Jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, viloyat hokimligiga borgan vaqtimizda ulardan izoh ololmaganmiz. Viloyat prokuraturasi esa bu ish yuzasidan jinoyat ishi ochgani va  qolgan ma'lumotlar tergov siriligini aytib to‘liq ma'lumot bermagandi. Mana oradan ma'lum vaqt o‘tib mazkur aholi vakillari yana murojaat qildi.

Aniqlanishicha, o‘sha vaqtda bir nechta fuqarolar vaziyatdan norozi bo‘lib yig‘ilgan. Tuman prokuraturasidan vakil chiqib vaziyatni o‘nglashga va bu ishning oxiriga yetkazishga va'da bergan.

«Tuman prokurorining o‘rinbosariman. Bir gapni aytaman. Bu davlatning egasi bor. Egasi bor yurtning ertasi bor. Egasi borakanki, mana sizlarga 7,5 milliard so‘m va moddiy yordamlar keldi.

Prezident va konstitutsiyamiz bor. Davlatimizda qonun ustuvorligi ta'minlangan. Hech kimning haqqi yo‘q davlat budjetini talon-taroj qilishga. Hokimiyatning ham. Ajratilgan mablag‘lar joyigacha borishigacha men sizlarga va'da beraman. 4 kundan beri ishchi guruhimiz bilan ishlayapmiz, vaziyat ijobiy hal etiladi va pullar albatta qaytariladi», - deb tuman prokurori o‘rinbosari va'da bergan. Lekin ish oxirigacha yetkazilishiga kimlar unga to‘sqinlik qilgan, bunisi bizga qorong‘u.

Aholi vakillari bilan suhbatda ular vaziyat o‘zgarmaganini ta'kidlashdi.

«Plastik kartadagi mablag‘larimiz muzlatilganidan so‘ng, pullar qaytarib olindi. Murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi. Viloyat hokimligiga bordik. Hokimning o‘rinbosari chiqdi. Ism-familiyasini so‘rasak, javob berishdan bosh tortdi. U yerdan natija bo‘lmadi.

Internet orqali qabulxonaga chiqdik. Murojaatlarimiz barchasi ijobiy hal etilgan deb yopilibdi. Qishni zo‘rg‘a o‘tkazdik. Prokuraturalarga bordik. Birorta natija bo‘lmadi», - dedi mahalla faollaridan biri. Buni boshqa mahalla fuqarolari ham tasdiqlashdi.

Keyin o‘sha atrofdagi uylar va yo‘llarni ko‘rdik. O‘sha vaqtda qanday bo‘lgan bo‘lsa, vaziyat deyarli o‘zgarmagan. Insonlar ba'zilari qishni qanday o‘tkazgan, Yaratganga ayon. Yo‘llar vayrona, vaziyat juda ham achinarli holatda.

Vaziyatni o‘rgangach, muammo yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari Murod Qultayevdan izoh oldik:

Murod Qultayev

«O‘sha vaqtda ishchi guruh tuzilib zarar ko‘rgan fuqarolarga mablag‘lar ajratib berilgan. Lekin bu yerda bir muammo bo‘lgan. Pul mablag‘larini ajratilishida baholovchi tashkilotlar tomonidan xatoga yo‘l qo‘yilgan. Baholash chog‘ida asosiy yashash joyidan tashqari boshqa mulklari ham baholab yuborilgan. Tuman komissiyasi esa baholovchi tashkilotlarning xulosasiga asosan mablag‘larni o‘tkazib bergan. Avvaliga 142 nafar fuqaroga pul o‘tkazilgan. 2018 yil 13 avgustdagi viloyat hokimining 218 sonli farmoyishi qabul qilingan. U asosida viloyat hokimining o‘rinbosari rahbarligida ishchi guruh tuzilgan. Ular murojaatlar asosida vaziyatni qaytadan o‘rganib chiqqan. Keyin jami 279 nafar fuqaroga uyini ta'mirlash uchun har xil summada mablag‘lar boshqatdan ajratilgan», - dedi Murod Qultayev.

Surishtiruv so‘ngida o‘sha vaqtda ochilgan jinoyat ishi yuzasidan ma'lumot olish uchun tuman prokurorining oldiga bordik. Tuman prokurori o‘ziga biriktirilgan sektorda ekanligini aytishdi. Sektor qayerda joylashgani va ma'lumot olmasak xalq tinchlanmasligini tushuntirib so‘rasak ham, u yerdagi xodimlar ma'lumot berishmadi.

Bizdagi to‘plangan ma'lumotlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi farmoyishi asosida 7 milliard 580 million so‘m ajratilgan. Aholi norozi bo‘la boshlagach, tuman hokimiyati tomonidan ajratilgan kompensatsiya mablag‘lari maqsadli va to‘g‘ri ajratilganini o‘rganish maqsadida monitoring ishchi guruh tashkil qilingan.

Ishchi guruh a'zolari tuman prokurori o‘rinbosari N.Avazov, «Qishloq qurilish invest» MChJ IK Surxondaryo filiali yetakchi mutaxassisi R.Ishatov, qurilish sohasidagi Surxondaryo viloyati hududiy nazorat inspeksiyasi yetakchi mutaxassisi A.Yakubov, Surxondaryo viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri DK Qumqo‘rg‘on filiali mutaxassisi X.Avazov va Qumqo‘rg‘on tuman moliya bo‘limi mutaxassisi M.Eshqobilovlardan iborat bo‘lgan.

O‘rganish jarayonida o‘sha mahallalarda yashovchi ba'zi fuqarolarga uyi suv toshqinidan zarar ko‘rmagan bo‘lsa ham asossiz kompensatsiya mablag‘lari ajratilganligi aniqlangan. Tahririyatda mazkur fuqarolar haqida to‘liq ma'lumotlar mavjud. Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga zid ravishda 2.110.095.511 (ikki milliard bir yuz o‘n million to‘qson besh ming besh yuz o‘n bir) so‘m noto‘g‘ri taqsimlangan.

2018 yilning 20 avgust kuni Surxondaryo viloyat prokurori adliya katta maslahatchisi Saidov tomonidan jinoyat kodeksining 167 moddasi 3 qismi «a» bandi, budjet mablag‘larini rastrata qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi tergov harakatlarini tashkillashtirish uchun viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi zimmasiga yuklatilgan.

Biroq oradan qancha vaqt o‘tdi. Muammolar barham topmayapti. Shu o‘rinda bir necha savollar paydo bo‘ladi.

Nega tuman hokimligi bunga to‘xtalmadi, mablag‘lar qayta taqsimlab berildi deb aytmoqda? Aholi esa buni rad qilmoqda. Nega tuman prokuraturasi shuncha uzoq muddat o‘tgan bo‘lsa ham, mazkur holat yuzasidan to‘liq ma'lumot berishni istamayapti? Nega o‘sha vaqtda aholi roziligisiz ularning shaxsiy plastik kartalariga «blok» solindi? «Bu bank siri to‘g‘risida»gi qonunga zid emasmi? Nega 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ uyini sel olmagan fuqarolarga ham berib yuborilgan? Yoki ular kimlargadur tanish-bilish yoki qarindoshmidi? Nega tergov tugatilgan yoki sud bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, fuqarolarga oshkor qilinmayapti? Nima uchun mablag‘lar undirib chindan ham zarur bo‘lgan fuqarolarga tarqatilmayapti? Nima uchun sel olgan hududlar mutasaddilar e'tiboridan chetda qolmoqda? Nega «sel ishi»ga mas'ul bo‘lgan mutasaddilarga chora ko‘rilmayapti? Savollar juda ko‘p. Javob berishi kerak bo‘lgan tashkilotlar esa to‘liq javob berishdan qochmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga xizmat safari chog‘ida:

«Mana shunday tanti xalq yaxshi yashashga, yaxshi sharoitda yashashga haqli. Lekin shu sharoitni yaratishga belimizni mahkam bog‘lab, barchamiz birga harakat qilishimiz kerak. Shunda natija bo‘ladi. Xalqimizga xiyonat qilmasak, yolg‘on gapirmasak va adolat bilan xizmat qilsak, barchasini amalga oshirsa bo‘ladi. Xudo nasib qilsin, Surxondaryoda 3-4 yilda tanib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar bo‘ladi. Yosh o‘sib kelayotgan xalqimiz bu siyosatga ishonmoqda», - degan edi. Mas'ullar esa bu siyosat va xalqning ishonchini sindirib qo‘yishga haqqi yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Vazirlar Mahkamasidan esa yuqoridagi holatlar bo‘yicha muammolar to‘liq yechilishida tashabbus ko‘rsatishini va aybdorlar o‘z jazosini olishida amaliy ko‘mak berishlarini so‘rab qolamiz.

Kun.uz muxbiri Zafarbek Solijonov,
operator  Sherzodbek Egamberdiyev

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top