00:46 / 03.04.2019
8812

Jazoir prezidenti iste'foga chiqdi

Foto: Aleksandr SHCHerbak/TASS

Jazoir prezidenti Abdulaziz Butafliqa 2 aprel kuni lavozimidan ketishini e'lon qildi. Bu haqda Algerie presse service agentligi xabar berdi. 

“Prezident Abdulaziz Butafliqa davlat rahbari sifatidagi vakolatlarini to‘xtatishi haqida konstitutsiyaviy kengash prezidentini rasman xabardor qildi”, deyilgan prezident ma'muriyati bayonotida. 

Avvalroq 2 aprelda Jazoir armiyasi qo‘mondonligi uchrashuvidan keyin mudofaa vaziri o‘rinbosari, Milliy xalq armiyasi shtab boshlig‘i Ahmad Gayd Saloh prezidentning o‘z lavozimidan konstitutsiyaviy ozod etilishi jarayoni zudlik bilan boshlanganini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, armiya 82 yoshli Butafliqani konstitutsiyaning 102-moddasiga binoan o‘z lavozimidan ozod qilish jarayonini zudlik bilan boshlashga buyruq bergan.     

Ushbu moddaga ko‘ra, amaldagi prezidentning “og‘ir va uzoq davom etuvchi kasalligi” holatida konstitutsiyaviy kengash davlat rahbarini layoqatsiz deb topadi. Prezident kengashga o‘z majburiyatlarini bajara olmasligi haqida ma'lum qilishi kerak bo‘ladi. Shundan keyin parlament yig‘ilishi o‘tkazilib, unda vaqtinchalik davlat rahbari tayinlanishi lozim.

Bu holatda Jazoirning vaqtinchalik prezidenti parlamentning yuqori palatasiga boshchilik qilayotgan 77 yoshli Abdulqodir Binsaloh bo‘ladi.

Butafliqa Jazoir prezidenti lavozimini 1999 yil aprelidan egallab kelgan.

Mavzuga oid
Top