16:15 / 03.04.2019
5120

Sog‘liqni saqlash vaziri sayyor qabulda 57ta murojaatni ijobiy hal qildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Buxoro viloyati Vobkent tumanida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tomonidan viloyat tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Vobkent, G‘ijduvon, Shofirkon, Romitan, Peshku hamda Buxoro tumanlari fuqarolari qatnashgan mazkur tadbirda 57 nafar fuqaroning murojaati atroflicha o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi tug‘ma yurak nuqsoni, tayanch-harakat a'zolari, asab tizimi, buyrak va nafas yo‘llari xastaliklari yuzasidan bo‘lib, ularning aksariyati imtiyozli asosda tegishliligi bo‘yicha viloyat tibbiyot muassasalari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida davolanishi belgilandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Jumladan, kardiologik jarrohlik operatsiyasi orqali davolanishda amaliy yordam so‘ragan vobkentlik Maftuna Ergashevaga Respublika ixtisoslashtirish xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolash va operatsiya qilish uchun imtiyozli asosda yo‘llanma beriladigan bo‘ldi. Nogironlik aravachasiga ehtiyoji bor yana bir vobkentlik Jalil Jo‘rayevga shu yerning o‘zida  nogironlik aravachasi taqdim etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Shofirkon tumanidan O‘g‘iloy Kamolova esa bosh miya xastaligi bilan og‘rigan nabirasi Mirzohid Xayrulloyevning davolanishi uchun amaliy yordam so‘radi. Ushbu murojaat yuzasidan viloyat tibbiyot muassasalaridan pediatr, psixiatr, nevropatolog, ortoped kabi yetakchi tor mutaxassislarni tumanga yuborib, bemorni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tajribali mutaxassislar ishtirokida konsilium qilgan holda viloyat yoki respublika tibbiyot muassasalarida davolash choralarini ko‘rish belgilandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sayyor qabulda romitanlik Dilmurod Saidovning muammosi ham yechim topdi. U ikki tomonlama koksartroz operatsiyadan keyingi holat tashxisi bilan davolanish va operatsiya uchun amaliy yordam so‘ragan edi. Uni endoprotez bilan ta'minlash masalasi shu kunning o‘zida hal qilinib, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida imtiyozli ravishda operatsiya qilish va davolash rejalashtirildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Hozirgi kunda joylarda aholi bilan bevosita muloqot qilish, mavjud muammolarni joyida hal etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Shu ma'noda, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam tashkil etilayotgan sayyor qabullar tibbiyot xodimlari zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, xalq bilan yanada samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning hayotiy ehtiyoj va talablarini yaqindan bilish, xususan, yurtimizda ko‘rsatilayotgan kafolatlangan hamda boshqa tibbiy xizmat turlari bo‘yicha hal etilmagan muammo yoki takliflarni atroflicha o‘rganib, ularga o‘z vaqtida yechim topish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sayyor qabulda ishtirok etgan fuqarolar sog‘liq atalmish ulkan boylikni asrab-avaylashda o‘z yordamini ayamayotgan shifokorlarga o‘z minnatdorchiligini bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining virtual qabulxonasi tashkil etilgan bo‘lib, fuqarolar vazirlikning rasmiy veb-sayti — www.ssv.uz, shuningdek, ushbu internet manzilida ko‘rsatilgan elektron pochta yoxud telefon orqali mazkur virtual qabulxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat yuborishi mumkin. Har bir murojaat shaxsan sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan ko‘rib chiqilib, nazoratga olinadi hamda qonun doirasida hal etiladi.

Top