21:03 / 04.04.2019
10986

I Xalqaro baxshichilik festivaliga sanoqli soatlar qoldi (suratlar)

Termiz shahrida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida I Xalqaro Baxshichilik festivaliga tayyorgarlik ishlari jadal ketmoqda. 

Shahardagi sayyohlik infratuzilmasi obektlari mehmonlarni kutib olishga tayyor. Termiz arxeologik muzeyi ochildi, Termiz aeroportining yangi terminali ish boshlashga tayyor, shahar ko‘chalari obodonlashtirildi, jamoat joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatildi. 

Qisqa vaqt ichida Termizdagi “Bolajon” madaniyat va dam olish parkida O‘zbekiston hududlarining stendlari o‘rnatildi, ularda har bir viloyatning milliy o‘ziga xosligi namoyish etiladi. Xalq-amaliy va tasviriy san'at namunalari, milliy taomlar va liboslar shular jumlasidandir.

Ta'kidlash joizki, Termizdagi festival vaqtida xavfsizlik choralari va sayyohlarga yordam ko‘rsatishni ta'minlash uchun turistik politsiya xizmat ko‘rsatadi.  

Bundan tashqari, Xalqaro baxshichilik festivalini tezkor yoritish maqsadida Surxondaryo viloyatidagi Sobir Termiziy nomli  axborot-kutubxona markazida dunyoning 20 mamlakatidan tashrif buyuruvchi 30 dan ziyod jurnalist hamda mahalliy ommaviy axborot vakillari uchun matbuot markazi tashkil etildi. Markaz zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalar va Wi-Fi bilan ta'minlandi. 

Top