00:20 / 04.04.2019
12746

Maktabgacha ta'lim vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan institut va injiniring kompaniyasi tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta'lim vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish instituti va Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi huzurida davlat unitar korxonasi shaklida Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish instituti tashkil etildi. U maktabgacha ta'lim tizimi buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq invistitsiya loyihalari bo‘yicha, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda bosh loyiha tashkiloti etib belgilandi.

Shuningdek, Maktabgacha ta'lim vazirligi huzurida davlat unitar korxonasi shaklida Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etildi. Unga maktabgacha ta'lim tizimi obektlarini qurish, kapital ta'mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyalari yuklandi. Kompaniya xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlarni davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, kapital ta'mirlash va rekonstruksiya qilish qiymatiga kiritish belgilandi.

  • Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, xorijiy loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyihaoldi va loyiha xujjatlarini O‘zbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlariga moslashtirish;
  • loyihalarning loyiha (ishchi) hujjatlarini mustaqil ishlab chiqish yo‘nalishini rivojlantirish, shuningdek, xorijiy loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha (ishchi ) hujjatlarini moslashtirish;
  • loyihalashtirish jarayonlariga xorijiy loyiha va injiniring tashkilotlarini jalb etgan holda ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan loyiha ishlarini tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy etish;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulotning yuqori unumdorligi va sifatiga, energiya va resurslarni tejashga qo‘yiladigan zamonaviy talablarga, shuningdek, ekologik talablarga javob beradigan ilg‘or texnologiyalar va asbob-uskunalar jahon bozorini chuqur tahlil qilish, respublikaga istiqbolsiz, ma'naviy va fizik eskirgan uskuna va texnologiyalar olib kirilishini istisno qilish;
  • loyiha va loyihaoldi ishchi hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari ilmiy-texnik va ekspert kengashlari bilan yaqin hamkorlik qilish Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish institutining asosiy vazifalari etib belgilandi.
  • Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimiga kiradigan maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, kapital ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, inventar bilan va texnik jihozlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini bajarish;
  • qurilish-pudrat tashkilotlarini aniqlash va qurilish-montaj ishlari bajarilishini ta'minlash;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari va infrastruktura obektlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish prognozining bajarilishini ta'minlash;
  • loyiha yechimlarining samaradorligini ta'minlash, arxitektura va shaharsozlik sohasidagi talablarga rioya qilish;
  • kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish samaradorligini oshirish, loyihalash davri muddatini qisqartirish Injiniring kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilandi.
Top