14:06 / 04.04.2019
7564

Shifokorlar malakasini oshirish masalasida muammolar uchrayotgani ma'lum bo‘ldi

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va dori vositalari ta'minotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq qilish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyasi hamda Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Respublika ishchi guruhi tomonidan hududlarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini o‘rganish davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarning ijrosini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, joriy yiling 24 yanvar — 18 mart kunlari Qonunchilik palatasi Spikeri rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi hududlar kesimida barcha tuman va shaharlarni qamrab olgan holda, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini o‘rgandi.

Yig‘ilishda Ishchi guruhining faoliyati davomida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va aholi salomatligi ko‘rsatkichlarini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muayyan muammolar aniqlangani aytib o‘tildi. Xususan, aksariyat tuman va shaharlarda shoshilinch tibbiy yordam, bolalar reanimatsiyasi, tug‘ruq, neonatologiya va bolalar bo‘limlarida aholi soni va kasallanish holati hisobga olinmagani natijasida shifo o‘rinlari yetishmasligi kuzatilgan.

Shuningdek, aholi kam istiqomat qiladigan olis va chekka hududlardagi tibbiyot muassasalarida shtat normativlariga ko‘ra, umumiy amaliyot shifokorlari, tor soha mutaxassislar va patronaj hamshiralari uchun shtatlarning kam ajratilgani ushbu hududlarga malakali mutaxassislarni ishga joylashtirishda o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, shifokorlarning malakasini oshirish masalasida ham muammolar uchramoqda. Bugungi kunda shifokorlar respublika bo‘yicha atigi uchta oliy ta'lim muassasasida malakasini oshiradi. Shu sababli, shifokorlar malakasini oshirish vakolatini barcha tibbiyot markazlariga berish hamda masofadan turib malaka oshirish mexanizmlarini joriy etish, deputatlarning fikricha, bu boradagi ko‘plab ovoragarchilik, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarfining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu va shunga o‘xshash bir qator muammolarni bartaraf etish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan bo‘lib, mavjud muammolar, ularni hal etish mexanizmlari hamda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishning aniq muddatlari va mas'ul ijrochilari belgilab olindi.

Top