19:17 / 04.04.2019
22795

Toshkentda 10 ming AQSh dollarini yo‘qotib qo‘ygan ayolning puli qaytarib berildi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi notariuslardan biri yonida qiziq voqea sodir bo‘ldi. Chilonzor tumani 20 kvartalda yashovchi Dilorom Yo‘ldosheva o‘z oila a'zolari bilan o‘zlariga tegishli xonadonni avvaldan kelishuv asosida bir xaridorga sotgan. Oldi-sotdi shartnomasini tuzish oldidan, notarius binosidan tashqarida kelishilgan mablag‘ – 30 ming AQSh dollarini sanab oladi va ko‘ylagi ichiga yashirib qo‘yadi.

U xaridor bilan birgalikda notariusga kiradi va tomonlar shartnomani imzolashadi, shundan so‘ng ikki tomon ham o‘z yo‘lidan ketadi. Ammo sotuvchi D. Yo‘ldosheva notariusdan taxminan 100 metr uzoqlashganidan so‘ng, poytaxtning 103-umumta'lim maktabi yoniga yetganida pulidan xavotirlanib qayta olib ko‘radi va 10 ming dollar kamligini anglab yetadi. O‘zi va ikki qizi bilan birgalikda yon atrofni izlaydi, notarius binosiga, xonalar ichigacha qidirishadi. Notarius yordamchilari, ko‘ngillilar, oila a'zolari, umuman juda ko‘pchilik pulni qidirishga tushishadi.

Ammo pul topilmaydi.

O‘rtahol, o‘zlari yashab turgan xonadonlarini sotgan oila uchun bu juda katta yo‘qotish bo‘lardi. Shunda «balki bolalar topib olgandir», degan fikrda 103-maktabga kirib, direktordan surishtirishadi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, maktab o‘quvchilaridan birining onasi yo‘lda tushib qolgan pulni topib olib, maktab direktoriga olib kirib bergan ekan.

Maktab direktori Leyla Saidmurotovaning aytishicha, pulni yo‘qotganlar suyunchi berish istagini bildirishgan, ammo insofli ona nafaqat suyunchi olmagan, balki shaxsini oshkor qilishlariga ham qarshi bo‘lgan.

Pulidan deyarli umidini uzib bo‘lgan Dilorom Yo‘ldosheva va bu voqeaga guvoh bo‘lganlar shunday insofli insonlar borligidan hayratga tushib duo qilib qolishgan.

Top