22:59 / 04.04.2019
10541

Yaponiyaning fazoviy qurilmasi asteroidga bomba tashlaydi 

Yaponiyaning fazoviy zondi “Xayabusa-2” Yer va Mars sayyoralari o‘rtasida joylashgan Ryugu asteroidiga bomba tashlash uchun samo jismi ustida pastlay boshladi.

Yaponiyaning aerokoinot tadqiqotlari agentligi ma'lum qilishicha, “Lochin 2” deb tarjima qilinuvchi zond 500 metrgacha pastlab, so‘ngra asteroidga 4,5 kg portlovchi moddali blok-bombani tashlaydi.

Zond portlash oldidan himoyalanish maqsadida asteroidning qarama-qarshi tomoniga yashirinadi, bo‘layotgan voqealarni esa xavfsiz joyga olib borilgan maxsus kamera qayd qiladi.

Yaponiyalik tadqiqotchilar portlash orqali asteroidda sun'iy krater hosil qilishmoqchi. Olimlar kraterda Quyosh tizimi shakllangandan beri sof holda qolgan jinslarni topishga umid qilishmoqda. May oyida zond zarur namunalarni olish uchun krater hosil bo‘lgan joyga qo‘nadi.

Zond Ryuguga 2014 yil dekabrda jo‘natilgan. Asteroidda suv va organik moddalar izlari topilishiga katta umid bog‘lanmoqda. Bu koinotda hayotning tarqalishi sirini topishda yordam berishi mumkin, deb hisoblanmoqda.

Massasi 600 kg bo‘lgan zond noyabr yoki dekabrda asteroid orbitasini tark etib, sayyoramiz tomon yo‘l olishi kutilmoqda. Qurilma Yerga 2020 yilda qaytishi kerak. 

Mavzuga oid
Top