19:07 / 05.04.2019
96748

Video: Xatirchida ham kuchli sel kuzatildi

O‘zbekistonning g‘arbiy hududlarida yomg‘irlar davom etmoqda.

Tahririyatga Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi o‘quvchilardan yomg‘irdan keyin yuzaga kelgan holat tasvirlangan suratlar va videolavhalar kelib tushdi.

Ulardan ko‘rinib turibdiki, tumanning bir qancha qishloq va mahallalarida kuchli yomg‘ir natijasida sel kuzatilgan.

Tuman hududidagi G‘alabek, Oxunboboyev nomli mahallalar, Shulliktepa, Tasmachi, Xo‘jaqo‘rg‘on, Yuqori Uchqora, Qovoq kabi qishloqlar talofat ko‘rgan. Shuningdek, bu mazmundagi xabar va suratlar Varq MFYdagi muxlislardan ham yo‘llangan.

Seldan talofat ko‘rgan hududlarda tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berilmagan.

Xatirchi hududidagi selda oqib ketgan Nexia qayta tiklab bo‘lmas holatga kelgan.

Ma'lumot uchun, 4—5 apreldagi yomg‘irlardan so‘ng Toshkent va Jizzax ko‘chalari ham suv ostida qoldi, Qashqadaryo viloyatida sel keldi.

O‘zgidromet xabarlariga ko‘ra, ayni hududda yaqin kunlarda yana yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, hududlarga yana sel kelishi mumkin.

Top