00:49 / 05.04.2019
9585

Rossiya Xalqaro koinot stansiyasiga yuklarni yetkazish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi

Foto: Ks "Yujnyy"

“Progress MS-11” fazoviy yuk kemasi Xalqaro koinot stansiyasiga 3 soat 22 daqiqada yetib borib, yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda Moskva viloyatidagi parvozlarni boshqarish markazida ma'lum qilingan.

Kema XKSga belgilangandan 2 daqiqa tezroq yetib borgan.

“Progress”ni orbitaga “Soyuz-2.1a” raketasi olib chiqqan. U Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan soat 14:01da start olgan, 14:10 da esa kema raketadan ajragan va sayyoramiz atrofida bor-yo‘g‘i ikki marta aylanib XKSga yetib borgan.

Odatda Rossiya kemalari stansiyagacha 34 ta (24 kun ketadi) yoki 4 ta aylanish (6 soat) bilan yetib borgan.  

“Progress” stansiyaga ilk bor yangi sxema bo‘yicha 2018 yil 10 iyulda jo‘nagan. O‘shanda ballistik sharoitlar kemaga XKSga 3 soat 39 daqiqada yetib borishga imkon bergan. Kelgusida yangi texnologiyani nafaqat professional, balki turistik boshqariluvchi parvozlarga joriy qilish rejalashtirilgan.

“Roskosmos” rahbari Dmitriy Rogozinning ma'lum qilishicha, 2020 yildayoq fazogirlar va turistlarni XKSga “Moskvadan Bryusselgacha parvozdan tezroq yetkazish” imkoni paydo bo‘ladi.

Kema XKSga standart yuk – oziq-ovqat, yonilg‘i, suv va siqilgan gazdan tashqari dinamik yoritish tizimini yetkazgan. Tizim stansiyaning Rossiyaga tegishli modulida o‘rnatilgach, tongdan oqshomgacha kunduzgi yorug‘likni imitatsiya qiladi. 

Mavzuga oid
Top