16:44 / 06.04.2019
12699

O‘zbekistonda mahalla raislari sayloviga tayyorgarlikda qator kamchiliklar mavjudligi ma'lum bo‘ldi

Foto: senat.uz

Joriy yilning 6 aprel kuni fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati.

Uni Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Yig‘ilishda Senat Kengashi tomonidan tuzilgan Respublika komissiyasi sa'y-harakati bilan qator ijobiy ishlar amalga oshirilganiga qaramasdan, ayrim mutasaddilarning sustkashligi, mas'uliyatsizligi O‘zbekiston fuqarolari uchun muhim hisoblangan tadbirga tayyorgarlik ko‘rishda kamchiliklar mavjudligiga sabab bo‘layotganligi qayd etildi.

Foto: senat.uz

Xususan, deyarli barcha hududlarda saylov bevosita o‘tkaziladigan manzil va obektlar ro‘yxatini shakllantirish ishlari sustkashlik bilan olib borilmoqda. Saylovni tashkil etish va o‘tkazishga mas'ul bo‘lgan viloyat va tuman, shahar darajasidagi komissiyalarning e'tiborsizligi oqibatida aksariyat ishchi guruhlar rahbarligiga saylov qonunchiligidan, bu tadbirning mohiyatidan deyarli bexabar shaxslar tayinlanganligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, ba'zi viloyat va tuman, shaharlarda shu paytga qadar tegishli komissiyalarning mas'ul kotiblari ham tayinlanmagan. Bu masalaga Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida hamda To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Amudaryo, Kegeyli, Beruniy, Nurobod, Urgut, Paxtachi tumanlari va Samarqand shahrida mutlaqo e'tibor   qaratilmagan.

Ayrim hududiy komissiyalar yangi tahrirdagi Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risidagi qonunning mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan. Xususan, bunday holatlar Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlarida kuzatilmoqda.

Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini tanqid va tahlil qilish ruhida o‘tgan tadbirda har bir komissiya a'zosiga joylarda aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun zudlik bilan zarur choralar ko‘rish hamda amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida Respublika komissiyasini joriy yil 15 aprelga qadar xabardor qilish topshirig‘i berildi.

Top