12:03 / 06.04.2019
15373

Rog‘un GES ikkinchi turbinasini ishga tushirish kechiktirildi - OAV

Foto: president.tj

«Aziya Plyus»ning Tojikiston hukumatidagi manbasi Rog‘un GES ikkinchi gidroagregati 2019 yil aprel oyida, rejalashtirilgan sanada ishga tushirilmasligini ma'lum qildi.

Rog‘un GES ikkinchi turbinasini ishga tushirish muddati kechiktirilganini «Axbor» saytining Energetika vazirligi va «Barki tojik» kompaniyasidagi manbalari ham tasdiqladi. Ushbu yangilik Tojikistonning aksar hududlarida aholi hamda korxonalarni elektr energiyasi bilan ta'minlashda cheklovlar joriy etilganiga bir oy bo‘lgani fonida tarqaldi. Qayd etilishicha, bu limit Rog‘un GES qurilishida yuzaga kelgan muammolar bilan bog‘liq. Rasmiylar bu mish-mishlarni hali izohlamadi.

«Bu shu oyda aniq yuz bermaydi, agregatni ishga tushirish bo‘yicha aniq muddat keyinroq e'lon qilinadi», - degan «Aziya Plyus»ning hukumatdagi manbasi.

«Aziya Plyus»ning yozishicha, mas'ul idoralar Rog‘un GES ikkinchi turbinasini ishga tushirish muddati kechiktirilganligi haqidagi ma'lumotni izohlamayapti. Shuningdek, rasmiylar Tojikiston uchun muhim bo‘lgan GESning ikkinchi gidroagregatini ishga tushirish marosimi qachon o‘tkazilishi bo‘yicha xabar bermadi.

Shu bilan birga, «Axbor» saytining «Barki Tojik» kompaniyasidagi manbasi xabariga ko‘ra, agar boshqa jiddiy to‘siqlar bo‘lmasa, Rog‘un GES ikkinchi gidroagregati may oyining ikkinchi yarmi yoki iyun oyida ishga tushiriladi.

Bundan oldin, Rog‘un GES to‘g‘onini qurish apreldan davom ettirilishi xabar berilgandi.

2018 yil noyabr oyi o‘rtalarigacha Rog‘un GES to‘g‘oni balandligi 75 metrdan oshdi. Suv omboridagi suv miqdori 214 million kubometrni tashkil etdi. Ko‘tarma qurilishining davomi joriy yil aprel oyida boshlanishi kutilgandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 16 noyabrida Rog‘un GESda gidro elektr stansiya birinchi agregatining tantanali ravishda ishga tushirilishi bo‘lib o‘tdi. O‘sha kundan beri va 2018 yil oxirigacha gidro stansiya tomonidan 90,3 mln. kVt/s elektr energiya ishlab chiqarildi.

Top