12:34 / 09.04.2019
33197

Oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibida o‘zgarishlar yuz berdi

Foto: Norma.uz

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Vazirlik telegram kanalida yozilishicha, nizom bilan oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishni xohlagan nomzodlar tomonidan mudofaa ishlari bo‘limiga bir qator hujjatlar bilan birgalikda yashash joyidan tavsifnoma hamda oila a'zolari soni haqidagi ma'lumotnoma ham topshirilishi lozim edi.

O‘zgartirishlarga asosan mazkur talab bekor bo‘ldi.

Endilikda ishlayotgan (o‘qiyotgan) nomzodlargina ish (o‘qish) joyidan tavsifnoma hamda ma'lumotnoma olib kelishi lozim. Ishlamayotgan (o‘qimayotgan) nomzodlardan bu hujjatlar talab qilinmaydi.

Ma'lumot uchun: oliy harbiy ta'lim muassasalariga nomzodlarni o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining oliy harbiy ta'lim muassasalariga qabul o‘rinlarini ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi.

Oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlari kontingentini sifatli butlash uchun:

harbiy-professional yo‘nalish;
dastlabki tanlash;
harbiy-professional tanlash;
test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi.

Top