15:37 / 10.04.2019
13959

OAV: Pentagon kosmosda Rossiya va Xitoy bilan to‘qnashuvning oldini olmoqchi

Foto: Kamaile Casillas / Pacific Air Forces / Reuters

Pentagon rahbari vazifasini bajaruvchi Patrik Shanaxanning ma'lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoy bilan kosmik makonda ziddiyat tarqalib ketishining oldini olishga harakat qiladi. Uning Koloradodagi Kosmik simpoziumda so‘zlagan nutqi Stars and Stripes nashri tomonidan keltirilgan.

Shanaxanning so‘zlariga ko‘ra, AQSh «buyuk davlatlar o‘rtasidagi raqobat davrida» yashamoqda, keyingi keng ko‘lamli nizo esa, katta ehtimol bilan, kosmosda yuz beradi.

«Bu bo‘lajak yoki nazariy jihatdan tahdid emas, bu bugungi xavf. Biz jim kuzatib o‘tirmaymiz - biz harakat qilamiz», - dedi Shanaxan.

AQSh Mudofaa vazirligi vaqtinchalik rahbari ta'kidlashicha, Xitoy harbiylari Vashingtonning kosmosdagi ustunligiga tezda yetib olishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin butun dunyo bo‘ylab kuchlar va qurollarni boshqarish hamda aloqa uchun yaratilgan Pentagonning yuzdan ziyod harbiy sun'iy yo‘ldoshini yo‘q qilish yoki ishdan chiqarish imkoniga ega bo‘lgan qurol yaratmoqda.

Bundan tashqari, Shanaxanning ogohlantirishicha, bir yil davomida xitoyliklar past orbital kosmik datchiklarga yo‘naltirilgan yer usti lazerli tizimlarni joylashtirishi mumkin. Nashr qayd etishicha, uning so‘zlari Mudofaa vazirligining idora kosmik faoliyatni qayta tashkil etish bo‘yicha taklifini himoya qiladigan eng jiddiy argument bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan oldin, Tramp AQSh, Rossiya va Xitoyning mudofaaga xarajatlarini baholagandi.

Mavzuga oid
Top