18:45 / 11.04.2019
12914
Bosh prokuror o‘rinbosari O‘zbekistonda jinoyatchilikka qarshi kurash tizimidagi islohotlar haqida ma'lumot berdi
Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekistonda jinoyatchilik darajasining pasayishi «huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining butkul qayta shakllantirilishi» bilan bog‘liq. Bu haqda respublika bosh prokurorining o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev ma'lum qildi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri. 

BMT Xavfsizlik kengashining inson huquqlari borasidagi tavsiyalari bo‘yicha O‘zbekistonning harakatlar rejasi loyihasi doirasidagi maslahatlashuvlarda qilgan chiqishida Yo‘ldoshev respublikada jinoyatchilik 30%dan ortiqroqqa kamayganini qayd etdi.

«Bu tasodif emasligini ta'kidlamoqchiman. Bu kompleks, tizimli yondashuv va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining butkul qayta shakllantirilishi natijasidir. Bu borada terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqmoqdamiz...», – dedi Yo‘ldoshev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, radikallashuv va terrorizmga rag‘batning oldini olish profilaktik choralar orqali diqqat markazida bo‘ladi.

«Jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimi tubdan qayta shakllantirilmoqda. Agarda ilgari harakatlarimiz jinoyatchilik oqibatlariga qarshi kurashishga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda birinchi o‘ringa profilaktika, qonunga hurmat hissini uyg‘otish masalalari qo‘yilmoqda», – dedi prokuratura vakili. 

Yo‘ldoshev so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda «diniy-ekstremistik tashkilotlar faoliyatida qatnashishga moyil» 18 mingdan ortiq kishi ro‘yxatdan chiqarilganini eslatib o‘tdi. Bundan tashqari, prezident farmoni bilan 3 mingga yaqin mahbus afv etilgan.

Top