12:46 / 11.04.2019
3228
O‘zbekiston - Mo‘g‘uliston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi va Mo‘g‘uliston Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV xabar qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov va Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Batmunx Batsetseg boshchiligidagi delegatsiyalar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalarning hozirgi holati va ularni chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil tahlil qildilar.

Ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi munosabatlarni jadal rivojlantirish uchun sezilarli salohiyat mavjudligiga urg‘u berildi va ko‘p qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish uchun amaliy choralar ko‘rishning dolzarbligi qayd etilgan.

Suhbat chog‘ida biznes-forumlar va kooperatsion birjalarni tashkil etish hamda ikki davlat savdo-sanoat palatalari ishtirokida Ishbilarmonlar kengashi va hamkorlikning boshqa mexanizmlarini tuzishga qiziqish bildirilgan.

Turizm sohasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilingan. Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston tomonidan Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz tartib joriy qilinishi ularning O‘zbekistondagi buddizm qadamjolarini va boshqa tarixiy obidalarni ziyorat qilishlari uchun qulay sharoit yaratadi. Shu nuqtai nazardan Mo‘g‘uliston tomoni Ulan-Bator va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini o‘rganib chiqishni taklif etdi. Bu turli darajadagi aloqalarni hamda fan, madaniyat arboblari va sportchilar o‘rtasidagi almashinishlarni faollashtirishga yo‘l ochadi.

Uchrashuvda ikki davlatning xalqaro tashkilotlar, avvalo, BMT va ShHT doirasidagi hamkorligi masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Maslahatlashuvlarda Mo‘g‘uliston elchisi Luvsan Battulga ishtirok etgan.

Bundan oldin, O‘zbekiston - Mo‘g‘uliston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tishi xabar qilingandi.

Top