15:59 / 11.04.2019
15282

Urganchdagi «loyga botib qolgan» mahalla – bir murojaat izidan

Ijtimoiy tarmoqda Xorazm viloyati markazi Urganch shahridagi mahalla aholisining yo‘llar abgor ahvolda ekani, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar haqida videomurojaati e'lon qilingan edi.

Kun.uz muxbiri bu mahallani topib, murojaatchilar bilan uchrashib, muammoni manzilning o‘zida o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.

Videomurojaat Urganch shahri, «Olimpiya» mahallasining 173-kvartalida yashovchi fuqarolar tomonidan yo‘llangan. U yerda jami 214 xo‘jalikda 500dan ortiq aholi istiqomat qiladi.

173-kvartal 2011 yilda barpo qilingan. Bu yerga Urganch shahri markazida rekonstruksiya ishlari boshlangani tufayli, yeri davlat ehtiyoji uchun qaytarib olingan aholi ko‘chib kelgan va uy-joy qurib olgan. Biroq, kvartal barpo qilinganidan 8 yil o‘tgan bo‘lsa-da, aholi uchun zarur bo‘lgan qulayliklar yo‘q.

Qayd qilish joizki, bu yerda 6ta ko‘cha bo‘lib, 2-3 yil oldin dastlabki 3ta ko‘chaga asfalt yotqizilgan, ammo chekkadagi 3ta ko‘cha e'tiborsiz qolgan.

Bu ko‘chalarda yo‘l yo‘q desa ham bo‘ladi. Agar tuproq tortilgan, yozda chang-to‘zon bo‘lib yotadigan, qishda botqoqqa aylanadigan so‘qmoqlarni yo‘l deb hisoblash mumkin bo‘lsa, bor. Mahalla yo‘llari aynan shunday.

Yomg‘ir yoki qor yog‘ishi bilan mahalla yo‘llari o‘tib bo‘lmas darajaga kelib qoladi, chunki tosh yotqizilmagan, asfalt qilinmagan. Yozda esa odamlar chang-to‘zon ostida qoladi. Qor-yomg‘ir yog‘ganida bolalar maktabga borishda juda qiynaladi, yo‘lda loyga yiqilib, kiyimlarini bulg‘ab, uyiga qaytib ketgan holatlar ham bo‘lgan.

Yo‘llarning yomonligi tufayli bu mahallaga taksi bormaydi. Mahalla manzilini eshitgan taksi haydovchisi rad qiladi yoki ikki-uch barobar ko‘p yo‘lkira so‘raydi. Bunday rasvo yo‘llarda kim ham transport vositasini boshqarishni istaydi?! Hatto tez yordam mashinasi ham bu mahallaga kelmaydi. Chunki, haydovchi loyga botib qoladigan bo‘lsa, chiqib ketolmaslikdan qo‘rqadi.

Mahalla ko‘chalarida tungi yoritish moslamalari o‘rnatilmagan. Tunda atrof qorong‘i, zimiston. Bundan tashqari, uy-joylar markaziy kanalizatsiya tizimiga ulanmagan. Vaholanki, kvartalga yaqin hududdan markaziy kanalizatsiya tizimi o‘tgan.

Mahalla aholisi bu muammolar yuzasidan shahar hokimligiga, boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishganini, ammo natija bo‘lmaganini aytishmoqda. Ular shahar markazida yashagan paytida barcha qulayliklarga ega bo‘lishgan. Ko‘chirib yuborilayotganida ham xuddi shunday qulayliklar va'da qilingan. Ammo ularning barchasi og‘izda, qog‘ozda qolib ketgan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida 30-mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Qahramon Qurbonov bilan suhbatlashdik. U 173-kvartal 2019 yilda «Obod mahalla» dasturiga kiritilganini, shu yildan kechiktirmasdan mahallani obod qilinishini, yo‘llar tuzatilishi, yoritish moslamalari o‘rnatilishi va kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar hal qilinishini aytdi.

Umid qilamizki, «Olimpiya» mahallasi aholisining muammolari og‘iz va qog‘ozda emas, balki amaliyotda ham o‘z yechimini topadi, ko‘p yillardan beri «loyga botib qolgan» ish o‘z joyidan siljiydi.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top