18:18 / 12.04.2019
17510

Energetika vazirligi tuzilmasida qator lavozim tayinlovlari amalga oshirildi 

Foto: Fotolia

Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zbekenergo" AJ bazasida tashkil etilgan uchta aksiyadorlik jamiyatiga raislar tayinlandi.

Dadajon Aynakulovich Isoqulov "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi etib tayinlandi.

D.Isoqulov 1961 yil 20 iyulda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tug‘ilgan. 1985 yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi mashina traktor parki muhandisi vazifasidan boshlab, "O‘zdavenergonazorat" inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘igacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Turli yillarda "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatining Markaziy magistral elektr tarmoqlari - "O‘zelektroset" unitar korxonasi direktori, "O‘zbekenergo" AJ raisining birinchi o‘rinbosari, "O‘zbekenergo" AJning Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bosh direktori lavozimlarida ishlagan.

Ruslan Gazizovich Mubarakshin "Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi etib tayinlandi.

R. Mubarakshin  1962 yil 19 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a'zosi. U "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangunga qadar “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent issiqlik elektr stansiyasining direktori lavozimida ishlagan.

Ulug‘bek Mavlonovich Mustafoyev "Hududiy elektr tarmoqlari"  aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi etib tayinlandi.

U.Mustafoyev 1968 yil 14 avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Toshkent xalq xo‘jaligi institutini bitirgan. “Sanoatqurilishbank”ning Jizzax viloyat filialida kichik, keyinchalik katta mutaxassis sifatida ishladi. Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining operatsion boshqaruvi katta iqtisodchisi va pul muomalasi bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Keyin 2016 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari, 2016 yilda Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, 2017 yilda «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi  raisi lavozimiga tayinlangan.  

Ta'kidlash joizki, 2019 yil 27 martda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti P-4249-son farmonini imzoladi va ushbu hujjat mamlakatning yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini tubdan isloh qilish jarayonida muhim ahamiyat kasb etdi.
  
Mazkur hujjatga muvofiq, "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati negizida uchta aksiyadorlik jamiyati – "Issiqlik elektr stansiyalari", "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" va "Hududiy  elektr tarmoqlari" tashkil etildi.

Mavzuga oid
Top