21:53 / 13.04.2019
4917

Demokratlar Trampning soliq deklaratsiyalari taqdim etilishini talab qilishdi

Foto: REUTERS

Kongress vakillar palatasining daromad va xarajatlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Richard Nil Amerika ichki daromadlar xizmatidan prezident Donald Trampning soliq deklaratsiyalarini 23 apreldan kechiktirmasdan taqdim etishini so‘radi.

"Men 23 aprel soat 17:00gacha javob kutaman. Agarda bu shart bajarilmasa, bu rad etish deb baholanishini nazarda tutishingizni so‘rayman", - deyiladi uning xizmatga yo‘llagan maktubida.

Kongressmen aprel oyi boshida ham ana shunday so‘rov yuborgan, unda 10 aprelgacha deklaratsiyalarni taqdim etish so‘ralgandi. 9 aprel kuni moliya vaziri Stiven Mnuchin demokratlar so‘rovini olganligini va so‘rov ko‘rib chiqish jarayonida ekanligini ma'lum qilgandi.

Tramp ushbu so‘rovni izohlarkan, soliq deklaratsiyalarini taqdim etmoqchi emasligini qayd etgandi. Trampning aytishicha, unga tegishli kompaniyalarga nisbatan muvofiqlashtiruvchi organlar hali ham tekshiruv o‘tkazmoqda, shu bois soliq ajratmalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni oshkor etish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Mavzuga oid
Top