15:00 / 13.04.2019
30521

«Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» qanday shartlarda sotilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani xabar berilgandi. Unga ko‘ra, «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» (FNQIZ) xorijiy investorga sotiladi.

Ma'lum bo‘lishicha, zavod modernizatsiya qilish va to‘liq quvvat bilan ishlashni ta'minlash bo‘yicha investitsiya loyihasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali amalga oshirish doirasida sotilmoqda.

Investor FNQIZga egalik qilish, uni modernizatsiya qilish va uning ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq ishlashini ta'minlagan holda keyinchalik foydalanish uchun yetakchi xalqaro kompaniyalardan iborat bo‘lgan konsorsium tashkil etishni rejalashtirgan.

RT Trans Asia Resources (Indoneziya) FNQIZ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni dastlabki sotib olish to‘lovi 16 000 000 AQSh dollari miqdorida nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan asosiy shartlarga muvofiq oladi.

Investor FNQIZga egalik qilish huquqini olgandan so‘ng o‘n to‘rt oy davomida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablari FNQIZni investorga sotishgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari oldida FNQIZ qarzdorligi mavjudligi munosabati bilan uning bank hisobvaraqlariga qo‘yiladigan talablarni qanoatlantirish uchun FNQIZ bank hisobvaraqlariga joriy etilmaydi.

FNQIZga qo‘llaniladigan imtiyozlar, yengilliklar va subsidiyalar, ushbu qaror qabul qilingan sanaga qadar FNQIZga taqdim etilgan barcha litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar ularning amal qilish muddati tugagunga qadar o‘z ta'sir kuchini saqlab qoladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 aprelga qadar FNQIZ tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskuna, texnika, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, asboblar, texnologik jihozlar, priborlar, dasturiy ta'minot, texnik hujjatlar va sarf materiallari bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Top