16:05 / 13.04.2019
19769

Maktab elektrigi o‘quvchi o‘limiga sababchi bo‘ldi

Illyustrativ foto

Toshkent shahri Yunusobod tumani ochiq sud majlisida tumandagi 2-sonli Bolalar-o‘smirlar sport maktabi elektrigi B.R. ishi ko‘rildi, deb yozmoqda JIB Yunusobod tuman sudi sudyasi Abbosxon Shomahmudov «Huquq» nashrida.

B.R. maktabda elektr xavfsizligini ta'minlashga mas'ul bo‘lgan shaxs sifatida suzish basseyniga o‘rnatilgan havo namligini quritib va isitib beruvchi «CHKA WAI» elektr qurilmasini normativ tarzda belgilab qo‘yilgan qoidalarga mos va ularga rioya qilgan holda texnik ekspluatatsiya qilishga javobgar bo‘lsa-da, vazifasiga nisbatan beparvo munosabatda bo‘lgan. Ya'ni elektr qurilmasining tashqi qobiq qismidan yerga ulanish ishlari bajarilmagani natijasida qurilmaga keladigan elektr toki tashqi hududga tarqalib, suzish basseynida mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanuvchi o‘smirlar hayotiga xavf soluvchi manbaga aylangan. Bu esa bir insonning hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.

Sport maktabining suzish basseynida shug‘ullanayotgan maktabning 11 yoshli o‘quvchisi J.Yu. basseyndan chiqib, elektr qurilmasining oldiga kelganida suzishda foydalanadigan ko‘zoynagi yerga tushib, sirpanib, qurilmaning tagiga kirib ketadi. O‘smir yigitcha elektr qurilmasi ostidan ko‘zoynagini olmoqchi bo‘lganida uni elektr toki urib, ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordamga qaramasdan, shu yerning o‘zida vafot etgan.

B.R. O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi JKning 72-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi.

Top