11:08 / 13.04.2019
8865
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining asosiy vazifalari ma'lum bo‘ldi
Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish va shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi huzuridagi “O‘zbekchorvanasl” agentligi to‘g‘risidagi nizom;

Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va ularga malaka toifalari berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzurida Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ushbu sohada davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish, veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish;

veterinariya sohasi va chorvachilikni barcha tarmoqlarini, shu jumladan qoramolchilik, qo‘ychilik, qorako‘lchilik, echkichilik, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilikni rivojlantirish, naslchilik-seleksiya ishlarini muvofiqlashtirish hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini amalga oshirish;

mamlakat hududlarini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni ta'minlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarishni tashkil etish;

epizootik osoyishtalikni ta'minlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, tashxis qo‘yish va tarqalishining oldini olishga doir profilaktika ishlarining samaradorligini monitoring qilish;

chorvachilik va naslchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona mexanizmlarini amalga oshirish, chorvachilik xo‘jaliklariga ozuqa yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarida chorva ozuqa ekinlarini joylashtirishni tashkil etish hamda yuqori hosildorlikka erishishni monitoring qilish;

chorvachilik tarmoqlarida hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash ishlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi hayvonlarini zoti bo‘yicha rayonlashtirish;

veterinariya va naslchilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifati va muomalasi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;

veterinariya va naslchilik-seleksiya sohalarida ilmiy, uslubiy va ta'lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalarini veterinariya va naslchilik-seleksiya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish;

chorvachilik mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish
va standartlashtirishni ta'minlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etish, veterinariya va chorvachilik sohalariga xorijiy investitsiyalar va grant mablag‘larini jalb qilish;

soha kadrlarini tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish, rahbar hamda mutaxassislarning ish uslubi va shakllarini takomillashtirish.

Top