18:53 / 14.04.2019
14675

Xalq ta'limi vaziri darsliklarga doir ikki muammo, zamonga mos mualliflarning yo‘qligi, kitob chellenjidan qancha kitob yig‘ilgani haqida  

«Kutubxonalardagi kitoblarga qarab ham chiqdim. Bir jihat e'tiborimni tortdi – adabiyotimizda zamonaviy yoshlar uchun yozadigan mualliflar yo‘q. Badiiy kitob bozorini ham raqobatbardosh qilish, yangi mualliflarni kashf qilish kerak.

Masalan, Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» asarini olaylik. Maktablarga borsangiz, shu asarning 10 xil muqovali varianti bor. Kitob do‘konlarida ham zamonaviy kitob so‘rasangiz, shu asarni tutqazishadi».

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bilan prezident maktablari, o‘qituvchi - o‘quvchi - ota-ona munosabatlari, o‘qituvchilarning maqomi va xalq ta'limi tizimiga doir boshqa masalalar yuzasidan suhbatlashdi.

Vazir maktab darsliklariga doir ikki masala, kitob chellenji va zamonaviy asar yozadigan mualliflarning yo‘qligi haqida fikr bildirdi.

«Maktab darsliklarining xalq ta'limi vazirligi tomonidan chiqarilishining o‘zi noto‘g‘ri. O‘z vaqti bilan raqobatbardosh tizimga chiqishimiz kerak. Masalan, Angliya va AQShni olaylik. Bu mamlakatlarda davlat standartlari – milliy karrikulum (national curriculum) tasdiqlanadi. Vazirlik aslida shu davlat standartini belgilab berishi kerak.

Qolgan jarayon, standartga mos keladigan tanlovni maktabning o‘zi hal qilish imkoniyati bo‘lishi zarur, lekin bizda hali unday darsliklar yo‘q.

Agar ingliz tilida ta'lim olib boriladigan, fanlar shu tilda o‘tiladigan maktablarimiz ko‘p bo‘lganida edi, u holda jarayonga oson moslashish mumkin edi. O‘quvchilar, masalan, Macmillan, Pearson yoki xohlasa Oxford University Press, Cambridge University Press nashriyotlarining kitob, darsliklarini olardi.

Davlat standarti darajasida bilim berish kerak, qaysi darslikni tanlashni maktabning o‘zi hal qilib oladi. Shunda raqobat bo‘ladi. Nashriyotlar bir-biridan yaxshiroq kitoblar nashr qilishga harakat qiladi. Raqobat muhiti bo‘lmagandan keyin qanaqa sifat bo‘ladi?

Umumiy belgilangan darsliklar uchun raqobat muhitini hosil qilish jarayoni boshlangan. Bu oson ish emas. O‘ziga yarasha vaqt talab qiladi. 

Darsliklarimizda ikki xil kamchilik bor: biri grammatik, orfografik xatolar bo‘lsa, ikkinchisi mazmun va saviya bo‘yicha oqsash.

Grammatik xatolar, nashriyot masalalarining ijobiy hal etilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham yordam beryapti. 

Biz maktab darsliklarining barchasini eduportal.uz portaliga joyladik. Kimdir xato topsa, o‘sha sahifa yoki joyni belgilab, bizga jo‘natishi mumkin.

Ikkinchi masala – mazmun, saviya va mohiyatga shu paytgacha mualliflarning darajasiga bog‘liq bo‘lib kelgan. Darslik yozadigan mualliflarimiz ham kam.

10 – 11-sinflarni sifatli darslik bilan ta'minlash borasida qiyinchilik bo‘ldi, chunki o‘tish jarayoni tez va qisqa muddatda kechdi. Shu sababdan kitoblarda grammatik xatolar ko‘p, saviya darajasi ham kuchli emas.

Kitob chellenjiga to‘xtaladigan bo‘lsam, shu aksiyaning ortidan maktab kutubxona fondlari jami 200 mingdan ortiq badiiy kitobga boyidi. 
Badiiy adabiyotda o‘ziga yarasha katta muammolar bor. Yaqinda Yoshlar Ittifoqi maktablarga 47 nomdagi badiiy kitoblar to‘plamlarini berib, katta ko‘mak ko‘rsatdi.

Kutubxonalardagi kitoblarga qarab ham chiqdim. Bir jihat e'tiborimni tortdi – adabiyotimizda zamonaviy yoshlar uchun yozadigan mualliflar yo‘q. Badiiy kitob bozorini ham raqobatbardosh qilish, yangi mualliflarni kashf qilish kerak.

Masalan, Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» asarini olaylik. Maktablarga borsangiz, shu asarning 10 xil muqovali varianti bor. Kitob do‘konlarida ham zamonaviy kitob so‘rasangiz, shu asarni tutqizishadi», deydi Sherzod Shermatov.

Sherzod Shermatov bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Top