13:40 / 15.04.2019
9047

Mushtdek go‘dak yurak nuqsoni bilan kurashmoqda. Yaxshilar ko‘magi zarur

Xalqimizdan yordam so‘rab, Kun.uz tahririyatiga murojaat qilayotganlar ham, muhtojlarga moddiy ko‘mak berayotgan saxiy insonlar ham ko‘payib bormoqda. Har bir murojaat ortida inson taqdiri, salomatligi va kelajagi turibdi. Ularga Siz azizlarning jiddiy yondoshuvingiz ortida ko‘plab yurtdoshlarimizning og‘iri yengil bo‘lmoqda.

Muhammadamin Ne'matov yurak nuqsoniga chalingan. Bir yashar go‘dak og‘ir dard bilan kurashmoqda – havo yetishmasligidan ko‘karib qoladi, og‘riq katta-katta ko‘zlarida aks etib turadi. Zamonaviy tibbiyot bu dardning davosini topgan. O‘zimizda, xorijiy klinikalarda yurak porogining turli shakllari muvaffaqiyatli operatsiya qilib kelinmoqda.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Muhammadaminni ko‘tarib kelgan buvisi Zulayho opa va onasi Shahlo Berdiyorovalar turli tashkilotlarga bosh urib ko‘rishgan, bor-budlarini sarflab bir marta Hindistonga borib kelishga ham ulgurishgan.

Keling, avval bolajonning buvisi Zulayho opa Berdiyorovaning so‘zlarini keltirib o‘taylik:

– O‘g‘lim va kelinim yosh oila, o‘zlari ijara uyda yashashadi. Nabiram Muhammadamin tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay yurak nuqsoni aniqlandi. Turli shifoxonalarda davolandik, markaziy klinikalarda ham shu diagnoz tasdiqlandi. Akademik Vohidov nomidagi klinikada operatsiya qilish mo‘ljallangandi, ammo buning ham iloji bo‘lmadi. “Akfa Medline” klinikasida ham operatsiya qilish ilojsizligini, faqat xorijda buning imkoni borligini aytishdi.

Tavsiyalar va yaxshilar ko‘magi bilan, topgan-tutganimizni yig‘ib, Hindistonga yo‘l oldik. Ammo u yerda 8 ming dollarga rejalashtirilgan operatsiya rejasi boladagi nuqson murakkabligi tufayli o‘zgarib, yangi va yanada murakkab operatsiya belgilandi. Uning qiymati 28 ming AQSh dollariga teng ekan...

Oilaviy ahvolimiz buncha miqdordagi mablag‘ni ko‘tarmasligi bois saytingiz orqali saxovatli insonlardan yordam so‘rashga majbur bo‘ldik.

Muhammadaminning onasi Shahlo Berdiyorovaning yoshli ko‘zlarida umid miltillab turadi. Hech kimning farzandi kasal bo‘lmasin. Ayniqsa u o‘z dardini aytolmaydigan go‘dak bo‘lsa, onaning yuragi o‘rtanadi.

– Farzandim tug‘ilganida har bir ona singari juda quvonganman. Ammo uning yuragidagi dard aniqlangandan buyon har bir kunim, har tunim ko‘zimda yosh bilan o‘tadi. Kechalari bolamni quchoqlab yig‘laganimda ba'zan qattiq tushkunlikka tushib ketaman. Bolamni yo‘qotishdan qo‘rqaman, juda-juda qo‘rqaman... Bor umidim zamonaviy tibbiyotdan. Xorijdagi klinikalarda ko‘plab bolalar shifo topayotganini eshitganimdan buyon o‘zimni qo‘yarga joy topa olmayman. Agar yaxshi insonlar ko‘mak bersalar va farzandim sog‘ayib ketsa, o‘g‘limni aynan yurak kasalliklarini davolaydigan shifokor bo‘lishi uchun bor kuchimni berib tarbiyalayman. Kelajakda o‘zi kabi bolalarga yordami tegsin.

Muhtaram saxovatpesha yurtdoshlar! Kun.uz sayti uyushtirgan har bir xayriya aksiyasi Siz azizlarning saxovatingizsiz o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Muhammadaminga ham yordam qo‘lini cho‘zing, zero ko‘pning ko‘magi ko‘l, duolari ijobat bo‘ladi.

Muhammadaminning onasi Shahlo Berdiyorovaga oid ma'lumotlar:

“Agrobank” plastik kartasi,

Click /PayMe: 8600 0417 9294 5926

MFO: 00394

INN: 201 200 124

Mijoz arizasiga asosan omonatdan kartaga pul o‘tkazganda: 2311 8000 400000 394500

Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti: 2312 0000 900 000 394001

Naqd pul topshirganda: 2311 6000 600000394001

Visa karta: 4187 8200 0029 6341

Telefon raqamlari (buvisi): +998932282140, +998934308204

Abror Zohidov tayyorladi,
tacvirchi Fazliddin Abduqodirov.


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top