12:58 / 16.04.2019
2646
AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston IIV xodimlari uchun terrorizmga qarshi treningga homiylik qildi
Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining 13 nafar xodimi AQSh Davlat departamenti qoshidagi “Terrorizmga qarshi kurashda yordam dasturi” doirasida terrorizmning oldini olish bo‘yicha ikki haftalik treningda ishtirok etdi. Ushbu trening politsiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining terrorchi va terroristik guruhlarni bartaraf etish bo‘yicha eng so‘nggi surishtiruv ko‘nikmalari va yondashuvlarini rivojlantirishga mo‘ljallangan.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning muvaqqat ishlar vakili Alan Melser trening yakuniga bag‘ishlangan tadbirda qatnashib, barcha ishtirokchilarga sertifikat taqdim etdi.

“Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va tinchlikni ta'minlashdagi tobora o‘sib borayotgan rolini nihoyatda qadrlaydi. Har ikki mamlakatimizning bexatar va farovon kelajagi yo‘lida biz xavfsizlikka oid dolzarb transmilliy tahdidlarga – jumladan,terrorizmga qarshi kurashda O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilamiz”, - dedi u.

Trening davomida ishtirokchilar axborot manbaini aniqlash, kuzatuv ishlari olib borish, terrorchi va uyushgan jinoiy guruhning moliyaviy usullarini tushunish, terroristik xuruj sodir bo‘lganda tergov qilish, gumondor va guvohlarni so‘roqqa tutish, terrorchi va jinoyatchilarni ta'qib etishga ko‘maklashish maqsadida axborotni kuzatib borish va tahlil etish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha yangi bilimlarga ega bo‘ldi.

Top