20:38 / 16.04.2019
19976

“Soddaligim tufayli bu ishga aralashib qoldim”. Firibgarlikda ayblangan ayol sud zalidan ozod etildi

Bugun, 16 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida ayblanuvchi X.G.ga nisbatan ish ko‘rib chiqildi va u sud zalidan ozod qilindi. 

U ikki tadbirkorni aldab, Vazirlar Mahkamasida yuqori lavozimda ishlovchi tanishi borligini hamda 30 ming dollar pora evaziga o‘sha tanishi orqali shaharning Mirzo Ulug‘bek tumanidan 0,30 ga yer olib berishni va'da qiladi hamda ularni pora berishga dalolat qiladi. 

Ayol 2018 yil 31 oktyabrda tadbirkorlar bilan ko‘rishadi. Ular pora sifatida olib kelgan 30 ming AQSh dollarini olganida huquqni muhofaza qilish xodimlari tomonidan ushlanadi.  

Sudda X.G. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25-, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 25-, 28-, 211-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. X.G.ga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, 59-61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shib, uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchi X.G.ga nisbatan bo‘lib o‘tgan apellyatsiya instansiyasida ayol “qilgan ishidan pushaymonligini, bu ishni boshqa qaytarmasligini, o‘zi bilmagan holda bu ishga kirib qolganligini va qamoq jazosini almashtirishni” so‘rab sudga iltimos qildi. 

Shundan so‘ng X.G.ga nisbatan ajrim o‘qildi.

Unga asosan, sudlanuvchi X.G.ga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2019 yil 18 martdagi qismi o‘zgartirildi. Unga Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llangan holda, “ozodlikdan mahrum qilish” jazosi shartli deb tayinlanib, 1 yilga sinov muddati belgilandi va ayol sud zalidan ozod etildi.

Mavzuga oid
Top