8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

15:30 / 17.04.2019 24660

«Biz endi ish so‘rab qayerga boraylik?». Surxondaryoda yeri hokimiyat tomonidan olib qo‘yilayotgan fermer murojaatlari ortmoqda

Respublikaning turli hududlaridan hokimiyat tomonidan fermerlarga qarashli yerlar olib qo‘yilishi masalasida tahririyatga murojaatlar soni ortmoqda. Bu safargi murojaat Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidan. Murojaatni joyiga borib o‘rgandik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Istara-iqtidor rivoji» fermer xo‘jaligi rahbari Samad To‘raboyev va  «Shaxzod To‘raboyev» fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Namozovlar bo‘lib o‘tgan voqealarni shunday so‘zlab berdi.

Samad To‘raboyevning aytishicha, 2018 yilning 27 dekabr kuni «Yangi taraqqiyot» hududida faoliyat yuritayotgan bir nechta fermerlar yerlari hokimiyat tomonidan olib qo‘yilayotgani haqida xabar olgan. Shu zahoti to‘planib, tuman hokimligiga borishgan. Hokim qabulida bo‘lgan chog‘larida tuman hokimi xavotirga o‘rin yo‘qligi va kelgusi hosilga tayyorgarlik ishlari bilan band bo‘lishi mumkinligini aytgan. Lekin shu kunning ertasiga ularga tegishli yer maydoni boshqa bir «Qiziriq parranda LTD» fermer xo‘jaligiga berib yuborilgan. Ular bundan 2019 yilning 6 yanvarida xabar topishgan. Yana tuman hokimligiga borishgan. 2018 yilning to‘rtinchi choragida yer uchun mablag‘ sarflagani va yer ularga zarurligini aytib, nega boshqa shaxsga berib yuborilganini so‘rashgan. Lekin tayinli javob olishmagan.

Samad To‘raboyev va Sherzod Namozov

«E'tibor bergan bo‘lsangiz, tumanimizda katta korxonalar, zavodlar yo‘q. 633 gektar yerda deyarli 1500 ga yaqin inson rizqini teradi. Yangi tuzilgan fermerlik esa 20 tadan ortiq ishchi olmayman deb aytdi.

Hokimning fuqarolarni qabul qiladigan kunlarida bir necha marta bordik. Lekin doim bir gap: «Yangi taraqqiyot» hududidan fermer bo‘ladigan bo‘lsa, unga yer berilmaydi, deb aytadi.

Janjallardan keyin yer boshqa bir «Qiziriq zarbdor parranda LTD» degan tovuqchilik firmasiga o‘tdi, deb eshitdik. Birovning yeri bo‘lganidan keyin kirishga ikkilanib turibmiz. Tovuqchalik ham qadrimiz yo‘qligiga achinib ketamiz.

Yerlarda o‘t o‘sib yotibdi. Bu vaqtda hosilga dori berilishi, sug‘orilishi kerak. Yovvoyi o‘tlardan tozalanishi zarur. Lekin hech bir ish qilinmayapti», - deb bo‘lgan voqealarni tushuntirdi «Istara-iqtidor rivoji» fermer xo‘jaligi rahbari. Buni boshqa fermerlar ham tasdiqladi.

Shundan so‘ng, izoh olish maqsadida Qiziriq tuman hokimligida bo‘lib, tuman hokimi Olim Muhammadiyev bilan suhbatlashdik.

Qiziriq tuman hokimi Olim Muhammadiyev

«Muhtaram prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga xizmat safari chog‘ida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi. Belgilangan topshiriqlar ijrosini amalga oshirish uchun «Qiziriq parranda» deb atalgan tashkilot ochdik. Prezident protokoli asosida 1000 gektar yer maydoni parrandachilikni rivojlantirish uchun ajratilishi belgilandi. Avvaliga 500 gektar qismi berildi. Prezident topshirig‘ini bajarishimiz kerak.

Shu vaqtgacha o‘zboshimchalik bilan biror bir fermerning yerini olib qo‘ymaganmiz. Xabaringiz bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining 14-sonli maqbullashtirish bo‘yicha qarori chiqdi. Qaror bo‘yicha barcha yer maydonlari qaytarib olindi. Pul kiritadigan, investitsiya kiritadigan fermerga birinchi navbatda yer bergin, deyilgan.

Qiziriq tumani hududi asosan cho‘l sharoitida bo‘lsa ham o‘tgan yili 25 million dollarlik mahsulotni eksport qilganmiz. Bu yilga 18,5 million dollarlik mahsulotni eksport qilishni reja qilganmiz. «Qiziriq parranda» firmasining o‘zi 2 million dollarlik eksport ko‘rsatkichlarini amalga oshirdi. Shuning uchun ham mazkur konturdagi 500 gektar yer maydonini ham unga berdik.

Keyin o‘sha yerga borib fermerlar bilan gaplashdik. Sobiq fermerlar ishchi qilib olib o‘tiladigan bo‘lindi. Berilgan 500 gektar yerga 300 ta odamni ishga olmoqchi bo‘ldi. Har biriga kamida 700 ming so‘mdan ish haqi berilishi belgilandi. Yerda ishlab g‘alla hosilini topshirganidan so‘ng, ishchilar tomonidan yerdan ikkinchi marta foydalanish masalasi ko‘rildi.   

Ularning imkoni bo‘lmagach «Qiziriq zarbdor parranda LTD»ga o‘tkazdik. Yaqinda prezident topshiriqlari bilan parranda klasterlari joriy qilinadigan bo‘ldi. Hosil topshira olish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu sababli bu tashkilotga berildi.

Bir-ikkita fermer norozi bo‘lib turibdi. Qolgan fermerlar va o‘sha hududda yashovchi aholi bundan rozi. Kerakli ishlar amalga oshirilmoqda. Tugatilgan fermerlarning hammasi chaqirilib, sessiya vaqtida o‘zlari xabardor qilinib tugatilgan. Ular hosil bo‘yicha ham davlatdan qarzdor bo‘lib qolgan. Qarzlari hozircha muzlatilgan. 2019 yil hosili uchun sarflangan fermerlarning shaxsiy mablag‘lari qayta hisoblab chiqildi. Jami 1 milliard 300 million so‘m bo‘ldi. Undan tashqari sobiq fermerlarga qarashli kreditlarni ham to‘lashni o‘zining zimmasiga oldi.  To‘lab beradi albatta», - deydi tuman hokimi Olim Muhammadiyev.

Qarorga e'tibor beradigan bo‘lsak, ijrosi albatta tanlov asosida amalga oshirilishi kerak. Shunday belgilangan. Shu bilan birga tanlovda mas'ullar qaysi talablarga diqqat qaratishi kerak? Ular quyidagilar:

talabgor yuridik va jismoniy shaxsning hisobvarag‘idagi majburiyatlardan ozod bo‘lgan mavjud pul mablag‘lari mavjudligiga;

talabgorga yoki uning oila a'zolariga tegishli yaroqli qishloq xo‘jaligi texnikalari mavjudligiga;

talabgorning yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportga yo‘naltirganiga;

yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soniga;

so‘nggi uch yil davomida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar bajarilishiga har bir hokim va mansabdorlar diqqatini qaratishi darkor.

Biz bilan suhbat qilgan fermerlar maqbullashtirish bo‘yicha tanlov o‘tkazilganini rad qilishmoqda. Yerlari dekabr oyidayoq olib qo‘yilganini aytishmoqda. Maqbullashtirish bo‘yicha qaror esa joriy yilning yanvar oyida qabul qilingan. O‘tkazilgan bo‘lsa, hokimlik rostdan ham qaror talablarini bajarganmi? Fermerlar tomonidan 2019 yil hosili uchun sarflangan mablag‘ taqdiri nima bo‘ladi? Ularga qayta hisoblab qaytariladimi? Ular olgan kredit masalasi haqiqatdan ham yangi korxona tomonidan to‘lab beriladimi?

Yuqoridagi holat bo‘yicha muammolar vakolatli organlar tomonidan ijobiy hal etilishida tashabbus ko‘rsatilishini kutib qolamiz.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Kun.uz muxbiri Zafarbek Solijonov,
operator  Sherzodbek Egamberdiyev

Top