22:59 / 17.04.2019
12040

Internat uyidagi mehr-muruvvatdan bahramand qalblar

Yonimizda, oramizda shunday insonlar yashaydiki, ular doimo e'tiborga, muruvvatga muhtoj.

Yurtimizda ana shunday insonlar uchun «Muruvvat» va «Saxovat» internat uylari tashkil etilgan.

Shunday muassasalardan biri Qarshi shahrida joylashgan. Mazkur muassasa 1976 yildan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda. 2018 yil 23 dekabrda nogironligi bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan «Muruvvat» internat uyi kapital rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochildi. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Rekonstruksiya davomida eski korpuslar buzilib, o‘rniga yangi oshxona va yangi binolar qurildi. Bolalar va xodimlar qulayligi uchun kasalxona lifti, barcha xonalarda havoni konditsionerlash va shamollatish tizimlari o‘rnatilgan. Yangi jihozlar bilan ta'minlanib, yon-atrofi to‘liq obodonlashtirilgan. 

Bu maskanga kirib borar ekanmiz, turli darajadagi nogironligi bo‘lgan jajji bolalar e'tiborimizni tortadi. Ular bizni qiziqish bilan kuzatishadi.

Ma'lum bo‘lishicha, «Muruvvat» internat uyida og‘ir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik, gemiparez, paraparez va tetraparez asoratlari bo‘lgan mo‘'tadil darajadagi aqliy zaif bolalar tserebral falaji, intellektning og‘ir buzilishiga olib kelgan shizofreniya, mo‘'tadil darajadagi aqliy zaiflikka olib kelgan (har oyda ko‘pi bilan besh marta xuruj qiladigan) tutqanoq, bosh miya shikastlanishi oqibatidagi mo‘'tadil darajadagi aqliy zaiflik va shu kabi kasalligi bo‘lgan voyaga yetmaganlar tarbiyalanadi.

Maskan bilan tanishish jarayonida farzandlarini ko‘rish uchun kelgan ota-onalar bilan ham suhbatlashdik. Ular ham bu yerda yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Darhaqiqat, bu yerda tarbiyalanayotganlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tarbiyachilar ularga g‘amxo‘rlik bilan qarashmoqda. Tarbiyalanuvchilar maxsus dasturlar asosida ta'lim olishmoqda. Ular doimiy tibbiy nazoratda.

Internat uyi direktori Ro‘ziqul Xo‘jayevning ta'kidlashicha, maskan bolalarni moslashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish va rivojlantirish uchun zamonaviy shart-sharoitlarga ega. Ushbu kompleks innovatsion uslublarni qo‘llash borasida ham yangi imkoniyatlarga yo‘l ochmoqda. Internat uyining tarbiyalanuvchilariga ikkita poni ot sovg‘a qilingan, bolalar bundan behad xursand. Bolalarni sog‘lomlashtirish maqsadida ot ustida sayr qildirish va jonivorlar bilan muloqot qilish yo‘li bilan reabilitatsiya qilish «ippoterapiya» deb ataladi. Bu usul o‘zining ta'sirchanligini isbotladi va bolalarda muhim tuyg‘ularni rivojlantirish, tashqi muhitga tezroq moslashish imkonini beradi.

Internat uyi direktori Ro‘ziqul Xo‘jayev

Ayni vaqtda internat uyi 300 nafar bolaga mo‘ljallangan va hozirda bu yerda 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 285 nafar aqlan zaif va nogironligi bo‘lgan bolalar istiqomat qiladi. Shundan 130 nafari qiz, 155 nafari o‘g‘il bolalar. 293 nafar xodim tarbiyalanuvchilarga ijtimoiy va tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Maskan bilan tanishish davomida tarbiyalanuvchilar bilan ham suhbatlashdik. Ular bu yerdagi sharoitlardan mamnunligini aytishdi. Bolajonlar so‘zlaridan hamisha e'tiborda ekanligini his qilib yashayotganligini anglash qiyin emasdi. Muhimi ham shu, ular doim xalqimiz ardog‘ida, e'tiborida, hech kimdan kam bo‘lmay yashayveradi.  

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
«Kun.uz» muxbiri.

Mavzuga oid
Top