20:01 / 17.04.2019
14941

Time yilning eng nufuzli kishilari yuztaligini e'lon qildi 

Time nashri 2019 yil uchun dunyoning eng nufuzli kishilari an'anaviy ro‘yxatini e'lon qildi. 

Jurnal eng nufuzli kishilar yuztaligini “Titanlar”, “Novatorlar”, "San'at arboblari”, “Yetakchilar” va “Kumirlar” toifalari bo‘yicha bo‘lib chiqqan.

Joriy yilda siyosatchilar va jamoat arboblarini o‘z ichiga oluvchi “Yetakchilar” toifasiga AQSh vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi, AQSh prezidenti Donald Tramp, Xitoy raisi Si Tszinpin, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Rim papasi Fransisk, Rossiyaning AQShdagi saylovlarga ehtimoliy aralashuvi ishi bo‘yicha maxsus prokuror Robert Myuller va bir qator boshqa siyosatchilar kiritilgan.

Jumladan, Time ro‘yxatga Venesuela muxolifati yetakchisi Xuan Guaydoni ham kiritgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ro‘yxatga ikkinchi yil kiritilmagan. U 2018 yilgacha ushbu ro‘yxatdan ko‘p marotaba o‘rin olib kelgan. 

Boshqa toifalardan misrlik futbolchi Muhammad Saloh, Facebook asoschisi Mark Tsukerberg, aktyor Rami Malek, aktrisa Emiliya Klark, qo‘shiqchilar Ariana Grande va Teylor Svift, AQShning sobiq birinchi xonimi Mishel Obama va bir qator boshqa taniqli kishilar o‘rin olgan.

Time “Dunyoning eng nufuzli 100 kishisi” reytingini ilk bor 1999 yilda e'lon qilgan. Jurnal vakillarining ta'kidlashicha, ro‘yxatga, qoidaga ko‘ra, dunyodagi vaziyatga eng ko‘p ta'sir qila oluvchi kishilar kiritiladi. Unga hattoki tashkilotlar, birlashmalar va umumlashtiruvchi obrazlar ham kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top