08:42 / 18.04.2019
8326
Shayxontohur tumanidagi 254-maktab to‘liq ta'mirdan chiqarilib foydalanishga topshirildi 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “Obod mahalla” dasturi to‘g‘risida”gi PF-5467-son farmoniga ko‘ra Shayxontohur tumanidagi «Obod mahalla» dasturiga kirgan «Charxnovza» mahallasi hududidagi 254-maktab binosi to‘liq ta'mirlanib, qayta foydalanishga topshirildi. 

1985 yildan beri biror marta ta'mirlanmagan ushbu ta'lim muassasasi ancha nurab qolgan edi. 

Prezident farmoniga binoan, 254-maktab binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, uning kapital ta'mirlanishi uchun 2 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratildi. “Dafara” MChJ quruvchilari maktabni qisqa muddatlarda ta'mirlab berishdi. 

17 aprel kuni maktabning ta'mirdan so‘ng qayta ochilish marosimi «Xalqimiz ertasining qanday bo‘lishi, farzandlarimiz bugun qanday ta'lim-tarbiya olishiga bog‘liq» shiori ostida bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Shayxontohur tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Rustam Mavlonov, Shayxontohur prokurori vazifasini bajaruvchi Yahyo Abdurahmonov, “Dafara” MChJ rahbari Abdusodiq Xolbutayev, Shayxontohur XTB mudiri Faxriya Shirova, faxriy ustozlar va mahalla faollari ishtirok etishdi. 

Tadbirda o‘zbek shoiri va mutafakkiri Lutfiy haykali ochilishi bo‘lib o‘tdi, haykal poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Tadbirga kelgan mehmonlar maktabda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimot, maktab o‘quvchilarining badiiy chiqishlari va to‘garaklar faoliyatidan lavhalar bilan tanishtirildi.

254-maktabning zamonaviy qiyofasi mehmonlarda katta taassurot qoldirib, ular bunday sharoitlarda o‘quvchilar yanada yuksak marralarga erishishlari uchun ezgu tilaklar bildirishdi.

Top