09:23 / 19.04.2019
11428
FXX direktori shifrlangan xabarlarni maxsus xizmatlar uchun ochib qo‘yishni talab qildi
Foto: EPA

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov internetda umumiy xalqaro qoidalarni ishlab chiqishga, shuningdek, mobil ilovalardagi shifrlangan xabarlarni maxsus xizmatlar uchun ochib qo‘yishga chaqirdi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir terroristik resurslarni xorijiy serverlarda joylashtirilishi ularga qulaylik ta'minlab bermoqda. Agar xalqaro hamjamiyat umumiy huquqiy me'yorlar asosida kelishuvga erishib, birgalikda harakat qilsa, terrorchilarga targ‘ib qilish, odamlarni yollash, teraktlar tashkil etish va ularni moliyalashtirish qiyin bo‘ladi. Uning aytishicha, hozirgi kunda «aloqa uchun dasturlarda kriptografiyadan foydalanish» dolzarb muammo sanaladi. Mobil ilovalardagi shifrlangan xabarlar tufayli terrorchilarga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor-texnik tadbirlarning samaradorligi pasayib ketdi. Ushbu muammoni hal qilish uchun Rossiya mobil ilovalar tomonidan qo‘llaniluvchi shifrlash kalitlari bo‘yicha shaffof tizimni yaratishga qaratilgan tashabbus ishlab chiqdi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan ushbu tashabbusning amalga oshirilishi operativ jihatdan muhim bo‘lgan shifrlangan ma'lumotlarga qonuniy ravishda kirish uchun huquqiy va texnologik imkoniyatlar yaratadi. 

Ayni paytda terroristik guruhlar tomonidan 10 mingdan ortiq saytlar tashkil etilgan. «Ular ijtimoiy tarmoqlarda yuz minglab sahifalarni yaratishdi, ularda dunyoning 40dan ortiq tillarida, birinchi navbatda, arab, ingliz va rus tilida materiallar tarqatilmoqda», - deya ta'kidlab o‘tdi Bortnikov.

Mavzuga oid
Top