8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

18:50 / 19.04.2019 77069

Haydovchi «GAI» xodimini videoga olishi mumkinmi?

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning trend mavzularidan biri hech shubhasiz haydovchilar va YHXX (quyida hech voz kecholmayotganimiz – «GAI» atamasini qo‘llaymiz) xodimlari o‘rtasidagi tortishuvlar aks etgan videolavhalardir. Bu roliklar e'lon qilinganidan so‘ng yashin tezligidan tarqaladi, turli-tuman izohlar bilan to‘lib toshadi. Xo‘sh, bu o‘rinda kim ko‘proq haq? Haydovchi «GAI» xodimi ishtirokidagi o‘zi tushgan vaziyatni yoki guvohi bo‘lgan holatni videoga olishi va ommaga tarqatishi mumkinmi?

Asrimizning eng kuchli «qurol»laridan biri kamera, to‘g‘rirog‘i hamisha xizmatimizga shay bo‘lgan telefonlarimiz kamerasi bo‘lib qolgan. Har qanday vaziyatda ular yordamida «himoyalanish»ga va o‘rni kelganda «dalil to‘plash»ga oshiqamiz. Haydovchi va «GAI» xodimi o‘rtasidagi tortishuvlarda ham asosiy vosita telefon bo‘ladi va uning beminnat xizmati orqali internet lavhalar bilan to‘ladi.

Bunday videolavhalarning mutlaq ko‘pchiligida haydovchi «GAI» xodimlarining nohaqligini, uquvsizligini ko‘rsatishga urinadi, zo‘r berib adolat yo‘qligini ta'kidlaydi, o‘zining mutlaq haq bo‘lib turgani holda beayb jazolanayotganidan yozg‘iradi.

Albatta, chindan ham «GAI» xodimlari nohaq bo‘lgan holatlar ham anchagina qayd etilgan. Ammo haydovchilar o‘zlarining qoidabuzarliklari haqida jim turishni afzal bilishadi, ya'ni «GAI» nohaq bo‘lsa jar solish mumkin, o‘zlari yaqqol qoidabuzarlik sodir etganlarida universal qurol – telefon kamerasi «o‘chirib» turiladi, bu haqda oshkor etmaslikka harakat qilinadi.

Xo‘sh, o‘zaro munosabatlarni, ko‘p yuzaga keluvchi tortishuv va ziddiyatlarni videoga muhrlash kimga va nima uchun kerak?

Ma'lumki, shu yilning o‘zida, yaqin oylar ichida barcha «GAI» xodimlari bodi-kameralar bilan jihozlanadi. Bundan bir nechta maqsadlar ko‘zlangan – harakat xavfsizligini ta'minlash, poraxo‘rlikka qarshi kurash, vaziyatni yaqqol isbotlab berish: tortishuvlarga o‘rin qoldirmaslik va boshqalar.

Ammo haydovchilar bodi-kameralarsiz ham videolavhalarni to‘ldirib tashlashmoqda. Ular bunga qay darajada haqlilar?

Joriy yilda IIV YHXBB ishtirokida ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tdi va bu masala ham o‘rtaga tashlandi.

IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov aynan haydovchi va YHXX xodimi o‘rtasidagi tortishuvlar aks etgan videolavhalarga ham to‘xtaldi:

– Haydovchilar o‘zlari bilan bog‘liq holatlarni videoga olishlari mumkin, albatta. Faqat bundan qanday maqsad ko‘zlanyapti, ana shunisi muhim. Agar xodimlarimiz tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar kuzatilsa, haydovchi videoga olish orqali o‘zini himoya qilish uchun dalillar to‘plashga haqqi bor. Bu dalillarni, ya'ni bu o‘rinda videolavhani haydovchilar xodimlar faoliyatini nazorat qiluvchi bo‘limlarimizga, lozim bo‘lganda boshqa tashkilotlarga yoki sudga taqdim etishlari mumkin.

Ammo videolavhalarni xodimning ruxsatisiz turli tarmoqlarga joylash, tarqatish mumkin emas! Sababi xodim ham shaxs sifatida qator huquqlarga ega, o‘ziga belgilangan vazifani ado etmoqda, demak davlat himoyasida. Xato qilsa, kamchilikka yo‘l qo‘ysa, nizomda va qonunlarimizda belgilangan jazosini oladi.

Bu mavzu yuzasidan Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Azizxon Umarxonov ham to‘xtalib o‘tgan.

– Haydovchilarning o‘zlari bilan bog‘liq holatda xodimlarimiz faoliyatini videoga olishga haqlari bor, bu kelajakda tortishuvlarga oydinlik kiritadi. Ammo bu videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Sababi ijtimoiy tarmoqlarda vaziyatni to‘g‘ri tushunmagan, yoki YHXX xodimlaridan alamzada bo‘lgan minglab odamlar bo‘ladi. Ular izohlarda haqoratlar yog‘dirishni boshlaydi. Bu haqoratlar uchun haqorat qilganni ham, videoni ruxsatsiz joylaganni ham javobgarlikka tortish mumkin.

To‘g‘ri, hali aynan videoga olib joylash uchun muayyan jazo belgilanmagan. Lekin masalaning axloqiy jihati ham bor. Biz yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash maqsadida tasvirga olingan ko‘rsatuvlarda yaqqol qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchilarning ham yuzlarini yashiramiz, avtomobillari davlat raqamini ko‘rsatmaymiz. Ya'ni, bir so‘z bilan aytganda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilamiz. Ammo haydovchilar ham o‘zlariga savol berib ko‘rsinlar – xodim tasvirga olingan videolavhani ruxsatsiz tarqatish aybsizlik prezumpsiyasiga qay darajada mos keladi?

Haydovchilarda va mushtariylarda haqli savol tug‘iladi: YHXX xodimi nohaq bo‘lsachi? Nohaq bo‘lsa bu bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bor, har bir holat alohida o‘rganiladi va tegishli chora ko‘riladi.

Abror Zohidov

Top