16:52 / 19.04.2019
6316

Janubiy Koreya delegatsiyasi qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi faoliyati bilan tanishdi

Foto: O‘zagrotexsanoatxolding

Bugun, 19 aprel kuni Koreya savdo-sanoat va energetika vaziri o‘rinbosari Kim Yong Re boshchiligidagi delegatsiya “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va yaqin istiqboldagi vazifalar xususida fikr almashishdi.

Shuningdek, Koreya Respublikasining Jeonbuk Technopark korxonasi va "O‘zagrotexsanoatxolding" AJ o‘rtasida sanoat innovatsiyalarini, ilmiy-tadqiqot ishlarni takomillashtirish bo‘yicha, Koreya Sanoat texnologiyasi instituti va "O‘zagrotexsanoatxolding" AJ o‘rtasida esa sanoat texnologiyalari va innovatsion imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida o‘zaro anglashuv Memorandumlari imzolandi.

Tashrif doirasida delegatsiya a'zolari O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligining mahsuli – “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi”ning rasmiy ochilish marosimida ham qatnashishdi.

– Ushbu markaz O‘zbekiston prezidentining “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida ilmiy-texnik bazani rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etildi, – deydi “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. 

Ayni damda ushbu markazda qishloq xo‘jaligi uchun muhim hisoblangan texnikalarni ishlab chiqarishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, tajriba-konstruktorlik ishlarini yuritish, texnologik loyihalashtirish kabi yumushlar bajarilmoqda. Bundan tashqari, bu yerda ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, qishloq xo‘jaligi mashinasozligida yangi mashina tizimlarini yaratish va sinovdan o‘tkazish kabi ishlar ham amalga oshirilmoqda. 

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ushbu markazda koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda bir qator ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik hamda texnologik loyihalashtirish ishlari bajarildi. Birgina misol, 110 ot kuchiga ega zamonaviy, “ZAMIN” rusumli traktor yaratilib, turli ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, yosh mutaxassislar tomonidan barcha qulayliklarga ega traktor tirkamasi yaratilib, ishlab chiqarishga joriy etildi. Markaz mutaxassislarining olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari va sa'y-harakatlari natijasida 20 dan ziyod milliy kashfiyotlar qilindi.

Koreyalik mehmonlarga ushbu markaz faoliyati, bu yerda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma'lumotlar berildi. Qolaversa, ularga istiqboldagi loyihalar, hamkorlikda olib borilayotgan ilmiy-texnik izlanishlar samarasi aks ettirilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari ham namoyish etildi.

Mavzuga oid
Top