09:36 / 19.04.2019
6365

O‘zbekistonga ilk bor finlyandiyalik talabalar delegatsiyasi keldi

18 aprel kuni O‘zbekistonga ilk bor finlyandiyalik talabalar delegatsiyasi yetib keldi.

Helsinki, Yuvyaskyulya, Turku, Laplandiya va Aalto universitetlarining magistratura bosqichida tahsil oluvchi talabalar 23 aprelgacha O‘zbekistonda bo‘ladi.

Delegatsiya safar davomida Toshkentdagi universitetlar, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy yodgorlik va qadamjolarga tashrif buyuradi.

Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi vakillarining ma'lumot berishicha, fin yoshlarining safari ushbu Skandinaviya mamlakati aholisining turli ijtimoiy qatlamlarida O‘zbekistonga nisbatan qiziqishning kuchayganligidan dalolat beradi va ikki mamlakat o‘rtasida o‘ziga xos madaniy aloqalar ko‘prigini o‘rnatadi. Talabalar delegatsiyasi tarkibida bloger va vlogerlar O‘zbekistonning turizm salohiyatini Finlyandiya yoshlari orasida ham targ‘ib qiladi.

Ma'lumot uchun, shu yilning 11 aprelida Finlyandiyaning rasmiy delegatsiyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati, o‘zbek tomonining tegishli vazirlik va idoralari vakillari, shuningdek, 47 nafar yetakchi Finlyandiya va mahalliy kompaniyalar ishtirokida O‘zbekiston-Finlyandiya biznes-forumi bo‘lib o‘tgan, forumdan so‘ng Finlyandiya Respublikasi Faxriy Konsulligi ochilgandi.

O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yilning 26 fevral sanasida o‘rnatilgan.

Finlyandiya aholisi 5,5 mln. kishidan ziyod. Mamlakat xalqaro iqtisodiy salohiyat va farovon hayot darajasi bo‘yicha xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlarda turadi.

Jumladan, Finlyandiya jahondagi eng ekologik, Yevropa Ittifoqida esa eng sifatli eksport mahsulotiga ega davlat hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top