14:05 / 19.04.2019
3049
Toshkentda Bloomberg vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

“Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakillari Bloomberg L.P. bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Uchrashuvda kadrlarni tayyorlash sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Xalqaro kompaniyaning MDH mintaqasi bo‘yicha vakili Odiljon Qosimov Bloomberg L.P. moliyaviy bozorlarning professional ishtirokchilari uchun moliyaviy axborotni yetkazib beruvchilar orasida yetakchilardan biri ekanini ta'kidladi.

Foto: LBMA matbuot xizmati

“Bloomberg L.P. butun dunyo bo‘ylab 310 mingdan ortiq foydalanuvchiga axborot yetkazadi. Bloomberg terminalining asosiy mahsuloti deyarli barcha jahon birjalari va ko‘plab birjadan tashqari bozorlar, Bloomberg agentligi va boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalarining yangiliklar tasmalari, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar savdosining elektron tizimiga kirish imkonini beradi”, - dedi Odiljon Qosimov.

Shuningdek, u jamg‘armaning hozirgi vazifalari va loyihalari bilan bog‘liq bo‘lgan hamkorlikning boshqa shakllarini muhokama qilishni taklif qildi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijrochi direktori Ziyod Mirahmedov jamg‘arma faoliyati yo‘nalishlari haqida ma'lumot berib, hamkorlikning dastlabki bosqichida qo‘shma ta'lim tadbirlarini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlikning shakllari va imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida tomonlarni qiziqtirgan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish uchun takroriy uchrashuv o‘tkazishga kelishib olindi.

Ta'kidlash joizki, so‘nggi 5 yil davomida Bloomberg kompaniyasi tomonidan Bloomberg Tradebook savdo platformasi, Bloomberg Messaging xizmati va Bloomberg newswire yangiliklar tasmasi kabi qo‘shimcha dasturlar ishga tushirildi.

Top