13:58 / 19.04.2019
4487

Varshava-Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi delegatsiyasi vakillarining Polshaga tashrifi doirasida Varshava va Toshkent shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Qo‘mita matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Tashrif davomida Polshaning yirik turistik kompaniyalari  “Rainbow”, “Itaka” vakillari hamda “Varshava turizm uyi” prezidenti Anjyey Shimanskiy bilan uchrashuv o‘tkazildi.  Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatning turizm salohiyati va imkoniyatlari to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.  

Polshaning yirik turizm kompaniyalari vakillari O‘zbekistonda turizmini rivojlantirishga oid takliflarini bildirishdi.  Xususan, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun 24 soat davomida ishlaydigan chegara punktlari haqidagi ma'lumotlarni ko‘paytirish, shuningdek, O‘zbekistonga sayohat qiluvchi polshaliklar soni ortib borayotganini inobatga olib, Varshava va Toshkent shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yishga doir takliflar ilgari surildi. 

Bundan tashqari, Polshaning umummilliy turizm palatasi vakillari  O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolashga tayyor ekanligini ma'lum qilishdi. 

 Uchrashuv yakunida Polshada 150 ta filiali mavjud bo‘lgan “Rainbow” turistik kompaniyasi bilan O‘zbekistonda yangi sayyohlik marshrutlarini o‘rganish va ishlab chiqish uchun info-turlar tashkil etishga kelishib olindi. 

Top