23:17 / 19.04.2019
26629

Xorazm viloyati hokimi Xonqa tumanida o‘zgacha shaklda shaxsiy sayyor qabulini o‘tkazdi

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov aholining turli qatlamlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar ko‘rish maqsadida Xonqa tumani, Tomadurvadik qishlog‘ida shaxsiy sayyor qabulini o‘tkazdi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

“Vaisniyoz – Qahramon” fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponida tashkil qilingan tadbirda Xorazm viloyati prokurori o‘rinbosari G‘ayrat Abdullayev, Xalq qabulxonasi rahbari Sultonboy Berdiqilichev, sektor rahbarlari, viloyat va tumanning mutasaddi tashkilotlari va davlat idoralari rahbarlari, xodimlari, mahalla faollari, tumanlardan kelgan murojaatchilar ishtirok etishdi.

Tadbirdan oldin, Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi nogironligi bor shaxslarga maxsus aravachalar va qo‘ltiqtayoqlar topshirildi. Farhod Ermanov hozirgi paytda viloyat bo‘yicha 560 nafar nogironligi bor odamlar aravacha olishga navbatda turganini qayd qilib, bu muammoni zudlik bilan hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, aravachalarning tantanali topshirish marosimini uyushtirish shart emasligini ta'kidladi.

Shaxsiy sayyor qabulining boshlanishidan oldin, Farhod Ermanov bu safar uning shakli o‘zgacha bo‘lishini, xususan, tadbirga barcha tumanlar hokimlarini chaqirganini, murojaatchilar avvalo, shu yerning o‘zida tumanining rahbari oldiga borib, muammoni hal qilishga harakat qilishini, agar yechimdan norozi bo‘lsa, hokimi bilan birga oldiga kelishi shartligini tushuntirdi. Viloyat rahbari buni ob-havoning kutilmaganda sovishi va qabulning cho‘zilib ketishi murojaatchilarga noqulaylik tug‘dirishi, shuningdek, muammolarning tezroq hal qilinishi bilan izohladi.

Farhod Ermanov tuman hokimliklari aholi murojaatlariga yetarli darajada e'tibor bermayotganini, hokimlik binosi sutkasiga 24 soat davomida ochiq bo‘lishini, tuman rahbari esa haftaning 5 kuni davomida xalq murojaatlarini o‘rganib, ularning yechimini topishi shartligini ta'kidladi.

Shundan keyin, murojaatchilar o‘z tumani hokimi bilan suhbatlashib, muammoning yechimini topishga urinib ko‘rishdi. Tuman rahbari bilan kelisholmagan murojaatchilar esa shaxsan Farhod Ermanov oldida o‘z hokimi bilan birgalikda masalaning yechimini topishga harakat qilishdi.

Aholi murojaatlari orasida uy-joy qurib olish uchun yer ajratish masalasi asosiy o‘rinni egalladi. Shuningdek, ish bilan ta'minlanish, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ajratish, nogironlikka chiqish masalalari, og‘ir kasallarning davolanishi uchun moddiy yordam olish, qo‘shimcha tomorqa ajratish, arzonlashtirilgan uy-joy bilan ta'minlash, uy-joyining kompensatsiya pulini olishda ko‘maklashish, turar va noturarjoy binolariga egalik huquqini belgilab berishda, kadastr hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashish, o‘ziga tegishli uy-joy chegarasiga aniqlik kiritishda yordamlashish, sud qarorlaridan norozilik, shaxsiy tomorqasiga suv yetkazib berish, aliment pulini olishda ko‘maklashish kabi muammolar bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar asosan yer va kredit ajratish masalasida murojaat qilishdi. Shuningdek, fermer xo‘jaligini tashkil etish, unga qo‘shimcha yer maydoni berish, o‘ziga tegishli biznesning noqonuniy ravishda tortib olinishidan norozilik, xususiy korxonasiga tabiiy gaz yetkazib berilishini ta'minlash, non ishlab chiqarish uchun un mahsulotining ajratilishida yordam so‘rash kabi muammolar bo‘yicha murojaatlar qilindi.

Farhod Ermanov bu murojaatlar yuzasidan har bir soha rahbariga barchasini o‘rganib chiqqan holda, qonuniy va ijobiy hal qilinishini ta'minlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Xorazm viloyati hokimining navbatdagi shaxsiy sayyor qabuli 26 aprel kuni Gurlan tumani, Guliston qishlog‘ida o‘tkaziladi.

Top