18:30 / 20.04.2019
25005

O‘quvchini urgan ustoz aybdormi - «eti sizniki, suyagi bizniki» deydigan zamonlar o‘tdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda hamisha muhokama markaziga chiqib oladigan mavzulardan biri bu o‘qituvchi va o‘quvchilar munosabatlaridir. Ba'zida ustozlarning o‘quvchiga nisbatan kuch ishlatgan holatlari aks etgan videolar tarqalib qoladi va ular ostidagi yuzlab izohlarda tomonlar teng ikkiga bo‘linib ketadi hamda tortishuvni avjiga chiqarishadi.

Bir surat bor. Yerda yotgan bu suratda raqam tasvirlangan. Uning bir tomonida turgan odam raqamni 6 deb baqiradi, ikkinchisi esa 9 ekanligini zo‘r berib ta'kidlaydi. Mutlaq haq tomonlar bo‘lmagan, hammasi nuqtai-nazarlarga bog‘liq bo‘lgan bahslarni shu surat ifodalab beradi, ya'ni bu yerda hammasi nisbiy. 

O‘qituvchilar va o‘quvchilarning munosabatlarida urish yo‘li bilan jazolash usuli haqida shu suratni misol keltirish mumkin. Har ikki tomon bir narsani – bolaning munosib ta'lim olishini xohlaydi, faqat buning uchun daryoning ikki tomonidan turib olib, o‘zini haq deb biladi. Ya'ni, bunday bahslarda hamma o‘zinikini ma'qullayveradi.

Ko‘pchilik bolaga nisbatan kuch ishlatish mutlaq mumkin emasligini ta'kidlaydi, ammo o‘qituvchini yoqlaydiganlar ham talaygina.

Keling, ana shu ikkinchi toifaning argumentlari bilan tanishamiz.

Qadimdan ota-onalar o‘z farzandlarini ta'lim uchun ustozga topshirishdan oldin bir gapni ta'kidlashgan: «Eti sizniki, suyagi bizniki». Bu endi aksioma!

Ota-onaning o‘zi farzandini ustozga ishonib bermoqda, ta'limi uchun qanday usulni tanlashi to‘la-to‘kis ustozning ixtiyoridaligini bildirmoqda, nima bo‘lganda ham bola ilmli bo‘lishi shartligini ta'kidlamoqda.

Albatta, o‘qituvchining muntazam urishini, unga ham ruhiy, ham jismoniy zarba berishini umuman oqlab bo‘lmaydi. Ammo bir narsani unutmasligimiz lozim – hech bir ustoz o‘z o‘quvchisiga yomonlik tilamaydi, shogirdi kamolotga erishsa, faxrlanadi, hayotda o‘z yo‘lini yo‘qotsa, afsuslanadi. O‘qituvchilar hamisha yaxshi gapga kirmagan, dars jarayoniga xalaqit bergan o‘quvchilarni jazolab kelishgan.

Bu telefonlar chiqmasidan avval ham bor edi, shunchaki hozir ommaga tarqatilyapti, xolos. Yoshi ulg‘ayganlar bir savolga javob bersinlar-chi – qaysi birimiz ustozimizdan tarsaki yemaganmiz? Hozir biz uchun jon kuydirgan, yoshlari bir joyga borgan o‘sha o‘qituvchilarga nisbatan kek saqlayapmizmi?!

Bolalarni urishni qattiq qoralovchilarni tushunish mumkin, o‘quvchi ruhiy zarba oladi, bu uslubning samarasi shubhali. Biroq bir narsani unutib qo‘ygandekmiz – ko‘z o‘ngimizda tartibni anchayin unutib qo‘ygan, har bir tashabbusni ermak bilan kutib oladigan, internet va zamonaviy texnologiyalarga mukkasidan ketgan, o‘qishni beshinchi darajadan ham pastda ko‘ruvchi, uzoq yillar davomida o‘qituvchi tizim tomonidan kamsitilib kelayotganini kuzatib, o‘zini ham shunday yo‘l tutishga haqli deb hisoblovchi avlod ulg‘ayganini, ulg‘ayayotganini nahotki anglamaymiz?

Darslarni pisand qilmaydigan, barchani, xususan o‘qituvchilarni masxara qiluvchi bolalar yo‘qmi sinflarda? Ular har qanday bosiq o‘qituvchini ham qizishishga majbur qilib tashlashmayaptimi? O‘quvchilar ko‘zini lo‘q qilib o‘z o‘qituvchisini kalaka qilishi, gap qaytarishi, ortidan yurib ermaklashi, darsini istagancha buzishi, eng dahshatlisi — bu masxaralar, xo‘rliklarni telefonga tushirib tarqatishi va zo‘r ish qilgandek maqtanishi oddiy holga aylanib bormayaptimi?

O‘qituvchilaridan ozgina kaltak yegan bolaning ham uyiga yugurishi bugun sir emas. Ularning haq yoki nohaqligi boshqa masala. Holbuki bugun o‘ttiz yoshdan oshganlarning hammasi ham yaxshi bilishadi: o‘qituvchining martabasi o‘zgacha bo‘lardi, har qanday holatda ham tutgan pozitsiyasi shubha ostiga olinmasdi, hech kim ularning ustidan shikoyat qilishni o‘ylamasdi ham. Chunki bolaga javob tayin edi – ayb o‘zingda, o‘qituvchingning aytganini qilmagansan!

Hozir nopisand yosh avlod bilan birga janjal ko‘tarishni odat qilgan, har qanday vaziyatda omma e'tiborini tortuvchi, arzimas sabab bilan ham ustozni yer bilan bitta qilishga tayyor ota-onalar toifasi ham shakllanib ulgurgan. Ularga gap tushuntirishning hojati yo‘q, «dod» deb turaveradi.

Poytaxtda bo‘lgan bir mojaro e'tiborga molik: ustoz darsga xalaqit bergan bolaga tanbeh beradi, foydasi bo‘lmagach, bir tarsaki tushiradi. O‘quvchi dod solib ota-onasini yetaklab keladi. Rahbariyat ham nima qilsin, majlis chaqiradi va o‘qituvchini ishdan chetlashtirish masalasini kun tartibiga qo‘yadi. Bolaning ota-onasi g‘alabasini nishonlash uchun zaharxanda qilib turganida qiziq holat yuz beradi – ota-onalarning aksariyati ustozni yoqlab chiqishadi va ishdan bo‘shatishga mutlaqo qarshi ekanliklarini bildirishadi. Ulardan biri o‘z farzandi ustozlarining so‘ziga amal qilmasa, bemalol urib jazolash mumkinligini aytib, ko‘pchilik oldida bunga ruxsat beradi ham (bu holatning Shayxontohur tumanida bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q).

Yana ta'kid – o‘quvchilarni urishni oqlab bo‘lmaydi! Lekin hech tasavvur qilamizmi, o‘quvchilar tinch o‘tirsa, darslar yaxshi tushuntirilsa, barcha faol qatnashsa va fan o‘zlashtirilsa, ustoz esini yemagan-ku barchani savalayverib. O‘zimizning farzandimizga dars qildirguncha necha marta qizishib ketamiz, ko‘pchiligimiz asabimiz dosh bermasligini bilib, birga dars qilishni yig‘ishtirib qo‘ya qolganmiz hatto. Ularni uyda qilgan tartibsizliklari uchun necha marta jazolashga tayyormiz. Lekin ayrimlarning fikricha, 30-40 nafar o‘quvchi jamlangan, jilov ozgina bo‘sh qo‘yilsa g‘ala-g‘ovur ko‘tariladigan sinfda ustozning jazolashga haqqi yo‘q.

O‘g‘il bolalarning otalarini yetaklab kelishi endi alohida mavzu. Arzimas muammo oldida ham chaqimchilikni odat qilgan, otasi tomonidan bu odat rag‘batlantirilgan o‘g‘il bolaning qanday yigit, qanday erkak bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Bugungi kelin tomonga mo‘ltirayotgan kuyovlarning paydo bo‘lishida ana shunday omillar ham sabab bo‘lmayaptimi?

Maqolani o‘qiganlarda masalaning faqat bir tarafi ko‘rilayotganday tasavvur uyg‘onishi mumkin va bu bir jihatdan to‘g‘ri ham. Sababi, maqsad o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeyini ko‘tarish, o‘quvchi oldida xor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Rivojlangan biror davlat yo‘qki, ta'lim vakillari izzatini joyiga qo‘ymagan bo‘lsa.

Darhol ustozlarning malakasi pastligini ro‘kach qiluvchi, ular shunga loyiqligini ta'kidlovchilarga javob bor – uzoq yillar mobaynida turli sabablarga ko‘ra o‘qituvchilik kasbining obro‘si tushib bordi. Ko‘zida o‘t yonib turgan, hayotda nimagadir erishish salohiyatiga ega bo‘lgan yoshlar bu kasbga rag‘bat bildirmadilar. Bu holatning mevalarini hali ko‘p yesak kerak. Ammo o‘lganning ustiga tepgan tarzida bor ustozlarni ham xor qilishni ko‘zlasak, ta'lim tizimimizdan voz kechib qo‘ya qolsak ham bo‘laveradi.

 Abror Zohidov

 Bugungi o‘quvchilar kechagi emas. Ularni kuzatsangiz ortiqcha asabiy, adekvat fikrlash pasaygan. Shuning uchun ular bilan juda ehtiyot bo‘lib muomala qilish kerak. Ayrim tumanlarda ham o‘quvchilar bilan bog‘liq salbiy holatlar uchrab turibdi. Masalan, birorta o‘quvchi ota-onasi yoki o‘qituvchisi bilan arzimagan sabab tufayli urishib qolsa ham hattoki o‘z joniga qasd qilishgacha borib yetyapti. Shuning uchun ham o‘zaro munosabatda imkon qadar chegaradan chiqmaslik kerak, deb hisoblayman. Asabni besh daqiqa jilovlay olmaslik har ikki tomonga ham qimmatga tushishi mumkin.

Zamira Aminova, Bo‘stonliq tumanidagi 9-maktab direktorining
ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.

 

Top