20:53 / 21.04.2019
11407

Dunyoda ilk marotaba keksalar soni yosh bolalar sonidan oshdi

Sayyoramizda keksa kishilar soni yosh bolalar sonidan oshdi. Bunday ma'lumotlar BMTda keltirib o‘tildi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yil boshida dunyoda 65 yoshdan katta 705 mln va 5 yoshdan kichik 680 mln odam yashashi qayd qilingan.

Keksa kishilar kontratsepsiya g‘oyasi ma'qullanadigan rivojlangan davlatlarda eng ko‘p mujassamlashgan. Rivojlangan davlatlarda ayollar kechroq farzand ko‘radilar va o‘zlarini kutilmagan homiladorlikdan ko‘proq himoyalaydilar, shu sababli bolalar kamchilikni tashkil qiladi.

Keksalar va yosh bolalar soni o‘rtasidagi katta tafovutga yorqin misol Yaponiya hisoblanadi. Bu davlatda hukumat pensiyaga chiqish yoshini 70 yosh qilib belgilash masalasini ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda. Hozirda Yaponiyada pensiya yoshi 65 yoshni tashkil qiladi. 

Tug‘ilishning eng yuqori darajasi Afrikada kuzatilmoqda. Bu qit'ada bolalar orasida o‘lim darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, har bir afrikalik ayolga o‘rtacha 7 nafarga yaqin bola to‘g‘ri keladi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi yillarda umr ko‘rish davomiyligi ancha oshgan. Bir necha o‘n yillar avval umr ko‘rish davomiyligi o‘rtacha 52 yilni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 72 yilni tashkil qiladi. Bu esa pensiya tizimiga yuklamani oshiradi, shu sababli qariyalarni ta'minlash uchun borgan sari ko‘proq zaxiralar zarur bo‘ladi.

Top