15:30 / 22.04.2019
36505

Davlat xizmatchisi erkin «nafas olyaptimi»?

Foto: Tengrinews

Yangi islohotlar davri davlat xizmatchisi nomini o‘z zimmasiga olgan kishining mas'uliyatini yanada oshirdi. Shu bilan birga uning maqomini ko‘tarish bo‘yicha ishlar qilinmoqda. Jumladan, Jahon Banki va Moliya vazirligi davlat xizmatchilariga yuqori maosh to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishish arafasida. 

Joriy yilgi davlat dasturida ham davlat xizmatini tizimli tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Tez orada «Davlat xizmati to‘g‘risida» gi Qonun ham qabul qilinishi kutilmoqda. 

Ishlar ma'lum tizimga keltirilsa, ayniqsa qonuniy tartibga solinsa, davlat xizmatidagilarga ancha yengil bo‘ladi. Topshiriqlar ko‘payib, ishlar ko‘lami ortganini hech kim inkor etolmaydi. Murojaatlar, viloyatlar bo‘ylab safar, hisobot, tongga qadar cho‘ziluvchi majlislar va yana biz bilmagan vazifalarni bajarish uchun necha kun sarflashar ekan? Yuqoridagi ro‘yxatda bitta davlat xizmatchisining kundalik topshiriqlari aks etgan. Buning imkoni bormi? Albatta, deyarli barcha davlat tashkilotlarida shu taxlit ish olib boriladi. 

Mulohazaga oydinlik kiritish maqsadida bir nechta davlat tashkilotlariga murojaat qildik. So‘rovnoma davlat xizmatchisining mehnat ta'tili, ish beruvchi tomonidan ruhiy qo‘llab-quvvatlanishi, majlislar davomiyligi, byurokratiya darajasi bo‘yicha o‘tkazildi.

Bosh prokuratura, Davlat soliq qo‘mitasi va Majburiy ijro byurosidan xodimlarning yillik mehnat ta'tili haqida so‘ralganda bir xil javob olindi, ya'ni xodimlarga muddati 30 kalendar kunidan iborat haq to‘lanadigan yillik ta'til beriladi, o‘n besh yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga 5 kalendar kun, yigirma besh yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lganlarga esa 10 kalendar kun qo‘shimcha ta'til beriladi. Haftalik ish soati 40 soat (bir kunda 8 soat!), shanba-yakshanba kunlari dam olish kuni deb belgilangan. 

Bosh prokuraturaning alohida xabar berishicha esa yillik ta'tildan chaqirib olishga xizmat bo‘yicha o‘ta zarur hollardagina, xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Majlislar davomiyligi qancha?

Bosh prokuratura - Hay'at majlislari, qoida tariqasida, ish rejalariga asosan o‘tkaziladi. Hay'at majlisida muhokama qilish talab etilmaydigan masalalar tezkor yoki idoralararo yig‘ilishlarda ko‘rib chiqiladi. Har bir holatda majlis va yig‘ilish ishtirokchilari doirasi hamda davomiyligi raislik qiluvchi tomonidan belgilanadi.

Hay'at majlislari yarim yilda, qoida tariqasida, 1 marotaba, tezkor yoki idoralararo yig‘ilishlar bir oyda 1 yoki 2 marotaba o‘tkazilishi mumkin. Shu bilan birga, viloyat hamda tuman-shahar prokurorlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va boshqa masalalar bo‘yicha joylarda yig‘ilish o‘tkazishi yoki majlislarga taklif etilishi mumkin.

Sektor faoliyati bo‘yicha prokurorlar kuniga 1 marta (1-1,5 soat) yig‘ilish o‘tkazadi. Viloyat miqyosidagi majlislar haftasiga 2 marta (1-1,5 soat), tuman-shahar miqyosida ikki kunda 1 marotaba (2 soat) o‘tkazilishi mumkin.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura va Akademiyasi barcha xodimlari uchun juma kunlari soat 9:00da «Ma'naviyat soati» yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu tadbirda respublika yetakchi olimlari, siyosatchilari, fan, madaniyat va san'at vakillari taklif etilgan holda olib boriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi - Majlislarni o‘tkazish yuzasidan Reglament yoki jadvallar ishlab chiqilmagan. Xizmat yig‘ilishlari zaruriyatga qarab o‘tkaziladi va odatda 1-1,5 soatdan oshmaydi.

Majburiy ijro byurosi - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.05.2017 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-3016-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, Byuro markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlarida faoliyatga taalluqli masalalar bo‘yicha tezkor yig‘ilishlar o‘tkaziladi. Yig‘ilish davomiyligi unda ko‘rilayotgan masalalarning ahamiyati va dolzarbligidan kelib chiqqan holda, yig‘ilishga taklif etilgan va qatnashchilar bilan o‘zaro kelishgan holda belgilanadi.

Xodimlarga psixologik yordam beriladimi?

Bosh prokuratura Akademiyasi tuzilmasida psixologik ta'minlash bo‘limi bo‘lib, u yerda xodimlarga psixik adaptatsiyadagi buzilish yoki charchoq, oilaviy-maishiy munosabatlardagi muammo va shaxslararo ziddiyat holatlarida psixologik-konsultativ yordam ko‘rsatiladi.

Davlat soliq qo‘mitasida esa kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan har yili tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi.

Majburiy ijro byurosi xodimlarining alohida xizmat o‘tash sharoitlari inobatga olib, ularga nisbatan tegishli ijtimoiy muhofaza choralari, dam olish, moddiy ahvolini yaxshilash, mehnat ta'tilini olish va tibbiy xizmatdan bepul foydalanish huquqlari kafolatlangan.

100 foiz hisobida olsak, bajariladigan ishlarning necha foizi elektronlashtirilgan?

Majburiy ijro byurosida MIB Portal, MIB Inspektor va hisobotlarning yagona portali kabi yangi dasturiy tizimlar yaratilgan bo‘lib, amaliyotga tatbiq qilish ishlari olib borilyapti. Soliq qo‘mitasida esa xodimlar faoliyati to‘liq elektronlashtirilgan. Soliqchilar qog‘oz ko‘rinishidagi murojaatlarni ham qabul qiladi. Prokuratura organlarida hujjatlarning elektron aylanishi tizimi qisman joriy etilib, to‘liq ishga tushirish ishlari yakunlanmoqda. Ungacha hujjatlar bilan va elektron formatda birday faoliyat olib boriladi.

Ko‘rib turibdiki, davlat organlari mehnat qonunchiligiga asosan faoliyat olib boradi. 8 soatlik normal ish kuni belgilangan. Bir qaraganda hammasi joyidadek. Lekin xodimlar yarim tungacha idorada qolib ketishlarini qanday tushunish mumkin? Ayb ularning o‘zidami yoki jamoatchilikka noma'lum tartib ham mavjudmi? Yoxud tizimga solinmagan ish hajmi tufayli shunday vaziyat ro‘y berayotgandir?

Bugun hamma davlat organlarida «ish qaynagan». Deyarli har kuni chiqadigan qarorlar, ularning ijrosini ta'minlash, yo‘l xaritalarini tuzish, undan tashqari byurokratizm bilan kelishish uchun jismonan ancha baquvvat bo‘lish kerak. Shuncha vazifalarni 8 soatda bajarib bo‘ladimi? Albatta, bu imkonsiz. Ammo masalaga boshqacha ko‘z bilan qaraganda deyarli barcha tashkilotlarda boshqaruv tizimi «kasallangan».

Sovet boshqaruvi illatlaridan biri ham aynan shu —  rahbar ish xonasidan chiqib ketmaguncha, barcha xodimlar, quyi bo‘g‘in ishchilari kelgusi topshiriq, qo‘ng‘iroqni kutib, shay turishi lozim. Aslida, ular yana tong sahardan qishloq xo‘jaligi holidan xabar olishi shart, joylarda ishlarni tashkil etib, turli topshiriqlarni bajarishi lozim. 

Zamonaviy O‘zbekistonda boshqaruv borasida ijobiy o‘zgarish ko‘p bo‘ldi. Masalan, mehnatga majburlashga qarshi kuchli iroda ko‘rsatildi. Shunga qaramay, davlat rahbari qo‘ygan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish kerak. 

Agar ishlar aniq mexanizm asosida tartibga solinsa, har bir xodimning aniq vazifasi belgilansa, topshiriqni o‘z vaqtida bajarish mumkin. Bunda mas'uliyat har bir organ rahbari zimmasiga tushadi. O‘zi va xodimining mehnat qilish huquqini hurmat qilgan boshliq ish joyida tartib o‘rnatadi. Xodimlarning kayfiyati ish unumdorligida muhim omildir.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid
Top