14:50 / 22.04.2019
13406
Osiyo chempionati. O‘zbekistonning yana ikki vakili yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Bugun, 22 aprel kuni Tailandning Bangkok shahrida boks bo‘yicha Osiyo chempionatida chorak final janglari o‘tkazilmoqda.

Kunduzgi dastur doirasida erkaklar o‘rtasida -56 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Mirazizbek Mirzaxalilov tailandlik Chatchai Budte bilan jang qildi. O‘zbekiston vakili raqibini ochkolar hisobiga mag‘lubiyatga uchratib, musobaqaning yarim finali yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Ayollar o‘rtasida -57 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Yodgoroy Mirzayeva turnirdagi ikkinchi jangini tojikistonlik Mijgona Samadovaga qarshi o‘tkazdi va raqibini ochkolar hisobiga mag‘lubiyatga uchratib, yarim final masalasini hal qildi.

Bundan avvalroq, chorak finalda -49 kg vazn toifasi vakili Nodirjon Mirzaahmedov laoslik bokschi Xampxouvan Xamsatone ustidan g‘alaba qozonib, yarim finalga chiqqandi.

Bu uch sportchi yarim final yo‘llanmasi orqali kamida bronza medallarini naqd qilishdi.

Bugun, shuningdek, yana besh nafar o‘zbekistonlik bokschi ringga chiqadi.

Kunduzgi dastur:
-69 kg: Shaxnoza Yunusova – Makoto Kikuchi (Yaponiya)
-81 kg: E'zoza Meliyeva – Lina Vang (Xitoy)

Kechki dastur, 16:00 dan so‘ng:
-52 kg: Hasanboy Do‘smatov – Amit Pangal
-64 kg: Shunqor Abdurasulov – Muhammad Alkasbex (Iordaniya)
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmatov – Bek Nurmaganbet (Qozog‘iston)

Mavzuga oid
Top