20:12 / 22.04.2019
7601

Shri-Lankani minglab sayyohlar tark etayotgani ma'lum qilindi 

Sayyohlar bir qator teraktlar sodir bo‘lgan Shri-Lankani ommaviy ravishda tark etmoqdalar. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.  

Shri-Lankaning turizmni rivojlantirish byurosi rahbari Kishu Gomesning ma'lum qilishicha, “mamlakatni tark etayotgan xorijliklarning aniq soni noma'lum, biroq hisob minglabga bormoqda”. Ta'kidlanishicha, mamlakatning turli qismlaridan sayyohlar yo‘llanmalari muddati tugashini kutib o‘tirmay aeroport tomon oshiqmoqdalar. O‘z navbatida turoperatorlar Shri-Lankaga turlarni bekor qilmoqdalar.

Shu sababli mamlakatning vazirlar mahkamasi mehmonxona biznesi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, unda sayyohlik hududlarida xavfsizlikni kuchaytirish choralari muhokama qilingan. 

Shri-Lanka markaziy banki raisi Indrajit Kumarasvamining ta'kidlashicha, “turizm sohasiga jiddiy ziyon yetadi”.

Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, turizmdan olinadigan daromad Shri-Lanka yalpi ichki mahsulotining 5 foizini tashkil qiladi.  

21 aprelda mamlakat poytaxti Kolombodagi 3 ta mehmonxona – Shangri-La, Cinnamon Grand va Kingsbury hamda Kotaxen, Negombo va Battikala shaharlaridagi 3 ta cherkovda portlashlar sodir bo‘lgan. Bir necha soatdan keyin Kolombo chekkasida 7- va 8-portlash sodir etilgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, teraktlar oqibatida 290 kishi halok bo‘lgan, 500 ga yaqin kishi jarohat olgan.

Mavzu
Shri-Lankadagi fojia
21 aprel kuni Shri-Lankada davomli teraktlar ro‘y berdi va kamida 320 kishi halok bo‘ldi
Barchasi
Top