21:00 / 22.04.2019
75101

Ukrainani qanday qilib uch hafta ichida qo‘ldan boy berish mumkin? Poroshenko nima uchun mag‘lub bo‘lgani haqida

Sergey Chuzavkov / AFP / Scanpix / LETA

Ukrainada prezidentlik saylovining ikkinchi turida ovoz berish jarayoni yakunlanib, ekzit-pol natijalariga ko‘ra ham, Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra ham mamlakatni yangi prezident - Vladimir Zelenskiy boshqarishi aniq bo‘ldi. U 73 foizdan ortiqroq ovoz bilan amaldagi prezident Pyotr Poroshenkoni ortda qoldirdi (25 foizdan oshiqroq). «Meduza» saytining maxsus muxbiri, Kiyevdagi saylovlarni yaqindan kuzatib borgan Ilya Jyegulev o‘z maqolasida Poroshenko saylovoldi kampaniyasi davomida qanday xatolarga yo‘l qo‘ygani, u qanday qilib uch hafta ichida mamlakatni qo‘ldan boy bergani haqida bayon qilgan.

«Petro Aleksandrovich ko‘makka muhtojmi - men buni ko‘rmayapman. U bemalol yura oladi! Rahmat», deya jurnalistga boshdan oyoq razm solgan Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman ortga o‘girilib, zinadan ko‘tarilishda davom etgandi. O‘shanda «Gromadskiy-TV» jurnalisti undan saylovlarning ikkinchi turida Poroshenkoni qanday qo‘llab-quvvatlashi haqida so‘ragandi.

Birinchi tur arafasida hech kim o‘zi bilan hazillashishlariga yo‘l qo‘ymayotgandi. Bosh vazir Groysman prezident qayta saylanishi uchun faol targ‘ibot olib borgan, u o‘zi bilan siyosiy koalitsiyada bo‘lgan safdoshini qo‘llashi tabiiy edi. Bir oy muqaddam ukrainalik siyosatchilarning barchasi Poroshenko birinchi turda mag‘lub bo‘lgach ham ikkinchi turgacha birinchi turdagi boshqa raqiblarining elektoratini o‘ziga og‘dirib, ikkinchi turda favoritga aylanishini kutishayotgandi. Ammo Poroshenko o‘ziga yangi saylovchilarni jalb etolmadi, bu ham yetmagandek o‘zining eski saylovchilarining bir qismini yo‘qotdi. Shunday ekan, endi Groysman o‘z adashi Vladimir Zelenskiy bilan ishlashga tayyorlana boshladi.

Vladimir Zelenskiy tilini tiygani uchun g‘olib bo‘ldi. U hatto o‘zining jamoasi a'zolarini ham sir tutdi
«Meni «yo‘q ledi» deb chaqiring», deya hazillashadi «Kvartal 95» studiyasining rivojlanish masalalari bo‘yicha direktori Irina Pobedonosseva. U endi Zelenskiy shtabida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mas'uldir. Uning «yo‘q» degani Zelenskiy jamoasining barcha a'zolariga taalluqli.

Bu strategiya. Tinimsiz o‘zi haqida gapirib, saylovchilarga tinimsiz o‘z dasturini taqdim etish o‘rniga Zelenskiy saylovoldi kampaniyasi davomida biror marta ham matbuot anjumani o‘tkazmadi - omma oldiga juda kam chiqdi. Birinchi turgacha uni faqat «Kvartal 95» konsertlarida ko‘rgan bo‘lishsa (jamoa butun Ukraina bo‘ylab gastrollar o‘tkazdi va bu konsertlarga kirish bepul qilindi), ikkinchi tur arafasida konsertlar ham g‘oyib bo‘ldi, tashviqot tadbirlari ham - saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmadi. Ikki tur orasidagi uch hafta ichida Zelenskiy faqat bir marta «RBK-Ukraina» nashri uchun intervyu berdi, bir marta «1+1» studiyasida mehmon bo‘ldi. Nomzod saylovchilariga o‘zini asosan yutubdagi videoroliklar orqali namoyon qildi.

Uning jimligi uchun asoslar keltirishdi. «Raqibdan bunday darajadagi ustunlik yuzaga kelganida (reyting bo‘yicha), har qanday ortiqcha so‘z - faqat zarar keltiradi», deya izohlaydi Zelenskiy jamoasi a'zolaridan biri «Meduza»ga. Nomzodning shtabiga kampaniyani olib borishda yordam ko‘rsatgan siyosatshunos shunday qo‘shimcha qiladi: «Barchaga (Zelenskiyning yaqin maslakdoshlari) turli teleefirlarda chiqish qilib, bir-birini inkor qiluvchi so‘zlarni gapirib qo‘yish taqiqlangandi. Ha va shunday bo‘ldi ham».

Birinchi turdagi ulkan g‘alabadan keyingi ilk kunlarda Zelenskiy shtabidagilar jurnalistlar bilan muloqot qilishga rozilik bildirishgandi, ammo ko‘p o‘tmay barchasi o‘z holiga qaytdi.

Muloqotlarni minimal darajaga kamaytirishga asoslangan bu strategiya yakunda hokimiyatga intilayotgan jamoaga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi. Zelenskiy o‘z safdoshlari nomlarini faqat ikkinchi turga uch kun qolganida, 18 aprel kuni «1+1» telekanalining maxsus efirida oshkor qildi - studiyada 20 chog‘li kishi yig‘ilgandi, nomzod agar prezidentlik saylovida g‘alabaga erishsa, shu odamlar prezident ma'muriyatida ishlashini ma'lum qildi.

Zelenskiy o‘z jamoasiga «Kvartal 95» studiyasi asoschilaridan biri Ivan Bakanovni jalb etgan, u «Sluga Naroda» partiyasi ta'sischilaridan biri va saylovoldi shtabi rahbaridir. Bakanov prezident ma'muriyatida parlament bilan aloqalar masalasiga mas'ul bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Jamoada, shuningdek, ko‘plab yoshlarni ko‘rish mumkin, ular hali tanilmagan mutaxassislar bo‘lib, ular turli va kutilmagan yo‘nalishlardagi vazifalar topshirilishi kutilmoqda. Masalan, jurnalist va deputat Sergey Leshchenkoning yordamchisi Marina Bardina gender tengsizligi masalalari bilan shug‘ullanishi mumkin. Zelenskiyga ko‘ngilli sifatida ko‘p yordam bergan Leshchenkoning o‘zi esa jamoa tarkibiga kirmagan. Sobiq Ukraina Iqtisodiy taraqqiyot vaziri, Zelenskiy prezidentligi davrida islohotchi bosh vazir bo‘lishi kutilgan  Ayvaras Abromavichyus ham jamoada yo‘q. Lekin jamoada «islohotchi» vazifasini hukumatning boshqa bir sobiq a'zosi, 2016-2018 yillarda Ukraina Moliya vaziri bo‘lgan Aleksandr Danilyuk bajarishga tayyor. Uni tanishtirar ekan, Zelenskiy yagona kamchiligi sifatida «vazir bo‘lgani»ni aytib o‘tgandi.

Poroshenko tajribasiz Zelenskiyni yakson etishi kerak edi. Ammo uddalay olmadi, raqibi uni o‘z shartlari asosida o‘ynashga majbur qildi

2014 yilgi prezidentlik saylovlarida Petro Poroshenko saylovoldi kampaniyasida yaqqol ustunligini hisobga olgan holda debatlardan voz kechgandi - u kuchsiz raqiblari bilan muloqot qilib, ular bilan «pachakilashib o‘tirish»ni istamagandi. 2019 yilda tarix takrorlanishi mumkin edi: birinchi tur arafasida prezident raqiblar bilan bahslarga kirishmadi - uning asosiy jiddiy raqibi Vladimir Zelenskiy edi. Birinchi tur arafasidagi teledebatlarga nisbatan kuchli nomzodlardan faqatgina Yuliya Timoshenko keldi.

Ikkinchi tur arafasida vaziyat keskin o‘zgardi. Poroshenko uchun debatlar raqibini qiyin ahvolga tushirib qo‘yish uchun vositaga aylangandi. U Vladimir Zelenskiyni «siyosatchi emas, oddiy odam» sifatida tariflab, uni siyosiy layoqatsizligi tufayli prezidentlikka nomunosib deb atadi. Poroshenkoda raqibini professional siyosatchi sifatida siyosiy munozaralarda dog‘da qoldirish imkoni bor edi. Shuning uchun, Poroshenko va uning odamlari nomzodlar omma ko‘z-o‘ngida bahslashishi zarurligini bot-bot takrorlashdi, Zelenskiy shtabidagilar esa bu g‘oyaga alohida entuziazmsiz yondashishdi.

«Men buni, dasturlar bo‘yicha fikrlar almashish emas yoki munozara emas, kechirasiz-u, qo‘pol so‘z bilan aytganda, «kuchuklar jangi»ni boshlashdan ma'no ko‘rmayapman», dedi sobiq Adliya vaziri o‘rinbosari va hozirda Zelenskiy shtabida bo‘lgan Ruslan Ryaboshapka.

Ammo bu safar «jimlik strategiyasi» ish bermadi. 2 aprel kuni «Ukraina milliy jamoatchilik televideniyesi» ijtimoiy tarmoqlarda #debaty_chelendj fleshmobini boshladi - nomzodlar yuzma-yuz uchrashuvga chorlandi. Aniqrog‘i, bu chaqiriqlar faqat bir nomzod - Vladimir Zelenskiyga qaratilgandi.

3 aprel kuni Zelenskiy ijrosidagi rolik namoyish etildi. U omma oldidagi munozaralar o‘tkazish bo‘yicha shartlarini ma'lum qildi: birinchidan, u debatlar stadionda o‘tkazilishi shartini qo‘ydi, ikkinchidan, ishtirokchilar avvalo narkotik va alkogolga test topshirishi kerak edi (saylovoldi kampaniyasi davrida nomzodlar «qora texnologiya»dan foydalanishgandi, Poroshenko Zelenskiyni narkotik moddalarga ruju qo‘yishda, Zelenskiy esa Poroshenkoni piyonistalikda ayblagandi). «Olimpiyskiy» stadionida olingan videoda Zelenskiy barchaga qarab tabassum qiladi: u raqibini telestudiyadagi siyosiy dasturlar o‘rniga stadiondagi konsert sahnasiga chaqirib, uni noqulay ahvolda qoldirgandi.

Keyingi kuni Poroshenko ham rolik orqali chiqish qildi va Zelenskiyning takliflariga roziligini bildirdi. «Zelenskiy bu rolikni Poroshenkoni debatdan voz kechishga majburlash uchun chiqarmagandi. Lekin shtabdagi hech bir odam, shu jumladan, Zelenskiyning o‘zi ham prezident bu shartlarga rozilik bildirishini kutmagandi», degandi o‘shanda Zelenskiy shtabidagilardan biri.

Poroshenko Zelenskiyning shartlarini qabul qilganidan keyin bir necha marta shartlarni o‘z foydasiga o‘zgartirishga harakat qildi. U avvaliga uchrashuv kunini ko‘chirmoqchi bo‘ldi (19 apreldan 14 aprelga), lekin Zelenskiy rad qildi. 11 aprel kuni esa kutilmaganda raqibi bilan do‘stona aloqalarda bo‘lgan «1+1» telekanali studiyasiga, kechki tok-shouga kirib keldi. Ma'lum bo‘lishicha, studiyada hech kim prezidentni kutmagan, ammo uni qaytarib yuborishga ham botinishmagan. Poroshenko studiyada turib, Zelenskiyni zudlik bilan yetib kelish va o‘zi bilan debatlarni boshlashga chaqirdi. Ammo bu vaqtda Zelenskiy Fransiya poytaxtida edi (keyingi kuni u respublika prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi). U Poroshenkoga avvaliga «samolyoti yo‘qligi uchun uchib borolmasligi»ni aytib hazil qildi, keyin esa qo‘polroq ohangga o‘tdi. «Bizning jamoadagi hech kim o‘z pozitsiyasini sizga topshirib qo‘ymaydi. Men esa yakunlayman. 19 aprel. «Olimpiyskiy». Nuqta. Ko‘rishguncha», deya trubkani qo‘ydi Zelenskiy.

Celestino Arce / NurPhoto / ZUMA Press / Scanpix / LETA

14 aprel kuni baribir Poroshenko o‘z tarafdorlarini stadionga yig‘di va «Olimpiyskiy»da ikki tribuna hozirlatdi - o‘zi va Zelenskiy uchun. Ikkinchi tribunaning keragi bo‘lmadi va Poroshenko yolg‘iz o‘zi miting o‘tkazdi. Prezident uchrashuvga kelmagan raqibiga shunday ta'riflar berdi: noqobil, Kolomoyskiyning arzandasi, ortida oligarxlar turib Ukrainani boshqaradigan parda, Rossiya qarshisida tiz cho‘kadigan qo‘rqoq. Aksiya yakunida Poroshenko Zelenskiyga bag‘ishlab «Ti j mene pidmanula» qo‘shig‘ini hirgoyi qila boshladi. Yig‘ilganlar orasida uning bu harakatlaridan norozilar ko‘paydi va deyarli hech kim unga jo‘r bo‘lmadi.

Zelenskiyning ikkinchi sharti ham murakkab edi - analizlar topshirish. Poroshenko to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda qon topshirdi, OAV ma'lumotiga ko‘ra, u siydik, tirnoq va sochlaridan ham tahlil topshirgan. Keyin prezident takroriy analiz topshirdi, ammo kutilgan mediaeffekt ro‘y bermadi - bloglarda uni kulgi ostiga ola boshlashdi. «Petro Poroshenko o‘zini millat otasi sifatida gavdalantirgandi. Oliymaqomlar esa hojat chiqarishmaydi. Hech kim Poroshenko analizlar topshirish darajasigacha tushadi deb o‘ylamagandi. Ko‘rinishidan prezident Zelenskiy kabi ekan. U o‘zining zaifligini ko‘rsatib qo‘ydi», deya kinoya qildi Zelenskiyga ishlashi aytiladigan siyosatshunos Aleksandr Xarebin (uning o‘zi Zelenskiy bilan hamkorlik qilishini tan olmagan).

Sergey Supinskiy / AFP / Scanpix / LETA

Zelenskiy esa bu bosqichga ehtiyotkorlik bilan yondashdi: u faqat bir marta, o‘z tarafdorlari boshqaradigan tibbiyot markazida analiz topshirdi.

Umuman, o‘tgan uch hafta mobaynida nomzodlar boshqa katta ishlarga ulgurishmadi, faqat Zelenskiyning Makron bilan uchrashuvi va Poroshenkoning ham Makron, ham Merkel bilan uchrashuvini hisobga olmaganda. Boshqa vaqtda nomzodlar debatga tayyorlanishdi.

Zelenskiy debatlardan cho‘chirdi va unga jiddiy tayyorlandi. Ammo Poroshenko unga eng oddiy mavzularda hujum qildi
Zelenskiy debatlar o‘tkazishni taklif qilgan «Olimpiyskiy» stadioni davlatga tegishli. Shu tufayli, Zelenskiyning shtabidagilarning aytishicha, rolik juda shoshilinch ravishda olingan - stadion ijarasi uchun pul o‘sha kuni to‘langan. Bundan tashqari, Zelenskiy jamoasi vakillari arenani 19 aprel kuni uchun ham band qilishgan - bundan maqsad raqib o‘z ma'muriy resurslari bilan debatlar shu kuni o‘tkazilishiga to‘siqlar hosil qilmasligini ta'minlash edi. 

Siyosatshunos Xarebinning so‘zlariga ko‘ra, «Olimpiyskiy» stadioni rahbariyati «erkaklik qilib» so‘zda turishini ular davlat rahbari o‘zgarishini his qilishgani bilan izohlash mumkin. «Hamma keyin ham ishlashda davom etishni istaydi. Kim g‘olib bo‘lishi mavhum edi. Bunday vaziyatda eng to‘g‘risi qonunga tayanishdir. Davlat korxonasi qanday qilib rad etishi mumkin, agar shu kuni hech qanday marosim o‘tkazilmasligi uchun pul to‘lashsa? O‘sha kunlarda ukrainalik amaldorlarning aksar qismi shunday holatda edi. Qanday harakat qilishni bilmayapsanmi - qonun doirasida ish tut», deydi u.

Hali Poroshenko rozi bo‘lish-bo‘lmasligi noma'lum vaqtda Zelenskiyning shtabidagilar B rejasini ham tayyorlashgandi. «Agar Poroshenko stadionda debat o‘tkazishga rozi bo‘lmasa, konsert bo‘lardi. «Kvartal 95» va musiqa, albatta Zelenskiyning o‘z tarafdorlariga murojaati ham. Biz Poroshenko baribir rozi bo‘lmaydi deb o‘ylab, shu ssenariyga tayyorlangandik», deydi shtabdagilar. Prezident o‘z raqibi «Olimpiyskiy»da baribir katta saylovoldi aksiyasi o‘tkazishini anglagach, unda kelishishdan boshqa yo‘l qolmagandi.

Davlat rahbari ma'muriyatidagi odamlar Zelenskiyning shtabidagilar bilan bog‘lanib, uchrashuv detallarini muhokama qilishga intilishadi, bu esa oddiy emasdi. Avvaliga Zelenskiyning shtabi stadionga kirishni erkin qilib, barcha uchun chiptalar chiqarishni mo‘ljallashgandi, ammo muxoliflar bunga qarshi bo‘lishdi - ular stadionga qancha odam kelishi nazorat ostida bo‘lishini istashdi. «Biz o‘shanda chiptalarni sotuvga chiqarib, tushgan pullarni xayriya uchun yo‘naltirishni maqsad qilgandik. Ammo, bu taklif rad etildi. Biz shunda dedik: yaxshi, unda siz qanday taklif berasiz. Ular chiptalarni tekin qilish va faqat vip-tribunalarni pulli qilish taklifini berishdi», deydi shtab vakili.

Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA

Debatlar vaqtida stadionda Poroshenkoning tarafdorlari ko‘proq ekani ma'lum bo‘ldi. Bu shu bilan izohlanadiki, Zelenskiyning shtabi fan-zona uchun chiptalarni internet orqali tarqatmaslikka qaror qilgandi, Poroshenko esa o‘z chiptalarini tarqatishda faollik ko‘rsatdi. Amaldagi prezident tarafdorlari yig‘ilganlardan so‘rov o‘tkazilganida, ularning aksar qismi chiptalar tarqatilgani haqida aytib o‘tdi.

Debatlar boshlanishiga to‘rt soat vaqt qolganida nomzodlarning shtablari hali reglament bo‘yicha kelishib olishmagandi. Oxirgi daqiqalargacha Poroshenko sahnaga, Zelenskiyning oldiga chiqib borishini hech kim bilmasdi. Prezident avvaliga o‘zi uchun tayyorlangan sahnaga ko‘tarildi va tarafdorlariga salom yo‘lladi, keyin baribir uni kutib turgan Zelenskiy oldiga bordi.

Celestino Arce / NurPhoto / ZUMA Press

Debatlarda Zelenskiy tomonidan Poroshenkoga berilgan savollarni u bilan ishlagan sobiq vazir Abromavichyus va deputat Leshchenko tayyorlagandi. Zelenskiyning yana bir guruhi prezidentga vaziyatdan kelib chiqqan holda berilishi mumkin bo‘lgan boshqa yo‘nalishdagi savollarni tuzib chiqdi. Shtabdagilarning xavotirlari o‘rinsiz bo‘lib chiqdi: Poroshenko debatlar vaqtida davlat boshqaruvi sohasidagi savollar bilan Zelenskiyni qiynamadi, u avval ham saylovoldi kampaniyasida takrorlagan tezislari bilan kelgandi (noprofessionalizm, Kolomoyskiy, Rossiya). Uning bu boradagi e'tirozlariga esa Zelenskiy tayyor edi.

Zelenskiy mashhur, u parlamentni tarqatib yuborib, o‘z hokimiyatini mustahkamlashi mumkin
«Zelenskiy bilan uchrashganimdan keyin, darhol ish boshlash uchun qanday vakolatlar borligini tushunishga harakat qildim», deydi Zelenskiy shtabiga kelib qo‘shilgan ukrainalik sobiq amaldorlardan biri. Poroshenko saylovoldi kampaniyasida o‘zidan boshqa nomzod g‘olib bo‘lishi milliy falokatga aylanishini aytib vahima qilgan bo‘lsa-da, yangi prezident davrida Ukrainada kardinal o‘zgarishlar kutilmaydi. Ukraina prezidentida, masalan ruslarning prezidentida bo‘lgani kabi vakolatlar yo‘q.

Saylovning rasmiy natijalari e'lon qilinganidan keyin ham mamlakatni Vladimir Groysman hukumati va Poroshenko davrida tayinlangan vazirlar boshqarishda davom etadi. Ko‘p ehtimol bilan prezident va saylovoldi kampaniyasi vaqtida Zelenskiyni tanqid qilishdan tiyilgan bosh vazir osongina kelishib olishadi. «Groysman va Zelenskiyning yoshlari o‘rtasidagi farq 5 yil. Men Vazirlar Mahkamasi o‘zini munosib tutadi deb o‘ylamoqdaman. Ular hamkorlikda ishlab ketmasligiga asos ko‘rmayapman. Groysman o‘zini yaxshi bosh vazir sifatida namoyon etgan, kutilganidan ham a'loroq. Iqtisodiyot o‘smoqda, ijtimoiy to‘lovlar ham. Yangi yo‘llar qurilmoqda», deya ishonch bilan gapiradi Abrovamichyus.

Oliy rada deputatlari ham gapga oson ko‘nishi mumkin. Prezidentda parlamentni tarqatib yuborish vakolati bor va uning partiyasi - «Xalq xizmatida» a'zolari yangi davlat rahbarining mashhurligi fonida saylovlarda yaxshigina ovoz to‘plab, parlamentga kirishi mumkin. Shunday ekan, hozirgi parlamentariylar uchun parlament tarqatib yuborilishi manfaatli emas - ular Radaning yangi tarkibidan joy ololmasliklari mumkin.

Kiyevga ko‘chib o‘tgan rossiyalik sobiq muxolifatchi va ayni vaqtda ukrainalik tadbirkorga aylangan Ilya Ponamaryovning fikricha, saylovlardan keyin yangi prezident darhol prezident ma'muriyatiga va Milliy xavfsizlik kengashiga yangi rahbarlar tayinlashi mumkin. Ponamaryov mustaqil ekspert sifatida tez-tez mahalliy televideniyelardagi siyosiy shoularga chaqiriladi - u bir necha marta Vladimir Zelenskiyga simpatiya bildirgan. «Eslayman, studiyada barcha shunday qichqirardi: «Biz kim tashqi ishlar vaziri bo‘lishini bilmaymiz. U (Zelenskiy) hech kimni tanishtirmadi!» Men esa aytardim: «Siz bilmassiz, men esa bilaman. Klimkin (hozirgi TIV rahbari)».

Amaldagi vazirlar 2019 yil kuzigacha, Oliy Radaga navbatdagi saylovlar o‘tkaziladigan muddatgacha amalda qolishadi. Saylovlar arafasida esa qonun bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi iste'foga chiqishi kerak. Bu Ukrainaning yangi prezidenti uchun xavotirli davr: bu vaqtga kelib siyosiy raqiblarining qattiq qarshilik ko‘rsatishi oqibatida Zelenskiyning reytingi pasayishi mumkin. Ponamaryovning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy yaqin vaqtlar ichida parlamentni tarqatib yuborgani ma'qul. Nomzodning o‘zi esa «RBK-Ukraina» uchun bergan intervyusida bunday ehtimolni istisno etmagandi. Agar Zelenskiy Oliy Radada o‘z koalitsiyasini shakllantira olsa, u mamlakatda maksimum hokimiyatga erishishi va o‘zini erkin his qilishi mumkin.

Mavzu
Ukrainada prezidentlik saylovlari
2019 yilning 31 martida Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Saylovda ishtirok etish uchun 44 nomzod, shu jumladan mamlakatning amaldagi prezidenti Pyotr Poroshenko hujjat topshirgan.
Barchasi
Top