09:04 / 23.04.2019
4674

A Seriya. «Napoli»da yana mag‘lubiyat, «Atalanta» «Milan»ga yetib oldi

Italiya A Seriyasining 33-turi yakunlovchi o‘yini Neapolda «Napoli» va «Atalanta» klublari o‘rtasida kechdi.

O‘tgan haftalar davomida chempionlik poygasini boy bergan, Yevropa ligasidan ham chiqib ketgan Karlo Anchelotti jamoasi ushbu o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradi. Dris Mertensning 28-daqiqadagi goliga mehmonlar ikkinchi bo‘limda Duvan Sapata va Mario Pashalichning gollari bilan javob qaytardi – 1:2.

Neapolliklar oxirgi 4ta turda faqat bitta g‘alabaga erishdilar, ikki o‘yinda mag‘lubiyat va bitta durang qayd etildi. Yevropa ligasini ham hisobga olganda, «Napoli» so‘nggi 6ta o‘yinidan faqat bittasini o‘z foydasiga hal qila oldi. Bu turda vitse-chempionlik uchun kurashayotgan «Inter» «Roma» bilan durang o‘ynagandi, hozir «Napoli» va milanliklar orasidagi farq 6 ochkoni tashkil etmoqda.

«Atalanta» esa A Seriyada 8 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya (5 g‘alaba, 3 durang) qayd etmoqda. Ushbu o‘yinlarda Bergamo shahri jamoasi 15:6 to‘plar nisbatiga ega. Ushbu muvaffaqiyatli seriya va kechagi g‘alaba bilan Jan Pero Gasperini shogirdlari «Milan»ga yetib olishdi, «rossoneri» faqat o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik evaziga 4-o‘rinni saqlab qoldi.

Italiya chempionati
33-tur, 22 aprel
Napoli – Atalanta 1:2 (1:0, 0:2)
Gollar: 1:0 – 28 Mertens, 1:1 – 69 Sapata, 1:2 – 80 Pashalich.
Napoli – Ospina, Malkyui, Kirikesh (Luperto, 13), Kulibali, Xyusay, Kalexon, Allan, Fabian Ruis, Zelinski (Verdi, 81), Milik, Mertens (Yunes, 77).
Atalanta – Gollini, Manchini (Palomino, 46), Gimshiti, Masello, Xatebur (Gosens, 76), de Ron, Froyler (Ilichich, 54), Kastan, Gomes, Pashalich, Sapata.
Ogohlantirishlar: Manchini (1), Xyusay (29), Kulibali (71), Fabian Ruis (82).

 

Top