15:30 / 23.04.2019
52601

«Bir rahbar odam ham hokim, ham kengash raisi bo‘lolmaydi». Prezident topshirig‘i va davlat dasturi ijrosi nega ta'minlanmayapti?

1993 yil 2 sentabr sanasida «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingandi. Unda mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyatining faoliyati, ular qabul qiladigan hujjatlar, huquqlari, majburiyatlari va boshqalar belgilab qo‘yilgandi.

Mazkur qonunning 24-moddasida xalq deputatlari Kengashining vakolatlari sanab o‘tilgan. 5-bandida Kengash hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlashi, hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimdan ozod etishi, ularning faoliyatiga doir hisobotlarni, shuningdek hokimlarning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini tinglashi ko‘rsatilgan.

Sodda qilib tushuntirsak, xalq tomonidan saylangan deputatlar oldida hokim ma'lum muddat davomida o‘zi va o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshirilgan ijtimoiy, iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, sanoat, investitsiya, yoshlar, xotin-qizlar masalalari va boshqalar to‘g‘risida vaqti-vaqti bilan hisobot berib turadi. Agar xalq uchun yetarli darajada oqilona siyosatni amalga oshirolmasa, xalq vakillari ishonchini oqlamasa, lavozimidan ozod etiladi.

2010 yil 30 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senat Kengashining «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashining namunaviy reglamentini va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilingandi.

Qarorning 4-moddasida xalq deputatlari Kengashi ishini hokim — xalq deputatlari Kengashining rahbari tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi. Hokim – xalq deputatlari Kengashining rahbari o‘z faoliyati haqida xalq deputatlari Kengashi oldida hisobot beradi, degan jumlalar mavjud.

O‘z-o‘zidan tabiiy savollar tug‘iladi. Xalq deputatlari Kengashi biror marta hokimning hisobotini eshitib, ma'qul kelmasa ishdan olib tashlaganini ko‘rganmisiz? Men eshitmaganman ham. Chunki, hududidagi barcha masalalarni hal etadigan kuch, yo‘lboshchi, yetakchi bo‘lgan hokim Kengashga ham rahbarlik qiladi. Hokimlar Kengashga rahbar ekan, deputatlar xalq manfaati yo‘lida ularga qarshi bora olmaydi. Bu aniq. Qarshi borsa, biror bahona bilan deputatlikdan chaqirtirib olinadi. Bu amaliyotda ko‘p uchrab turadigan holat.

2018 yil 22 yanvar kuni faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilindi. Amalga oshirilishi shart bo‘lgan 231 qismdan iborat davlat dasturi ishlab chiqildi.

Uning 25-qismiga qaraydigan bo‘lsak, xalq deputatlari Kengashi vakolatlarini kengaytirish orqali mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish doirasida hokimning mahalliy hokimiyat vakillik organi bo‘lgan Kengashning rahbari sifatida maqomini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlanishi zarur edi.

Muddat 2018 yilning 1 mayiga qadar bo‘lib, mas'ul ijrochilar Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi (hozirgi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi), Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti (hozirda bu institut tugatilgan), Davlat boshqaruvi akademiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qonun loyihasi tayyorlanishi kerak edi.

Biroq, yaqinda loyiha tayyor bo‘lmayotganiga bir yil to‘lishiga qaramay, mas'ul ijrochilar hali hamon sukutda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil dekabr oyida Qashqadaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda shu masalaga to‘xtalib, «Bir rahbar odam ham hokim, ham kengash raisi bo‘lolmaydi. Kerak bo‘lsa, hokim kengashga hisobot beradi. Viloyat va tuman deputatlariga ham vakolatlar beriladi», degan edi.

Bundan tashqari, Prezidentning 2018 yilning 28 dekabrida parlamentga murojaatnomasida hokimning mahalliy kengashlarga raislik qilishi amaliyotini bekor qilish haqida gapirib, «Hokim hokimligini qilsin, lekin kengash oldida hisobot bersin», degani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.

Qizig‘i, 2019 yil 17 yanvar sanasida 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi.

Ikkinchi qismida 2019 yil 1 martiga qadar Vazirlar Mahkamasi a'zolarini Oliy Majlis, viloyat, tuman va shahar davlat organlari rahbarlarini tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlash amaliyotini joriy etish haqida qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.

Mas'ul ijrochilar sifatida Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar belgilandi. Lekin mana muddatdan deyarli ikki oy o‘tayotganiga qaramay davlat dasturi ijrosi kechiktirilmoqda. Loyihadan esa darak yo‘q.

Nega davlat dasturlari ijrosi bajarilmayapti yoki kechikib ketmoqda? Nega tegishli davlat tashkilotlari bu haqida jamoatchilikka izoh bermayapti? Agar har bir mansabdor shaxsni xalq yoki uning vakillari oldida hisobdor qilib qo‘ymas ekanmiz, davlat dasturlari ijrosini to‘liq amalga oshira olmaymiz. Demokratik fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidagi harakatlarimizga bu kabi holatlar to‘siq bo‘lmasmikin, degan xavotirdaman.

Zafarbek Solijonov

Kun.uz muxbiri

Top