16:30 / 25.04.2019
4728

Navoiyda O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma tibbiy texnologik parki ochilishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida 25 aprel kuni innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Xitoy Fanlar akademiyasining Shanxay farmakologiya instituti rahbari professor Jingshan Shen o‘rtasida Ahdlashuv bayonnomasi imzolandi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, Xitoyning “TOPHARMAN&VIGONVITA&CADDDC-CAS” konsorsiumi bilan O‘zbekistonda turli dori vositalarining substansiyalarini sintez qilish bo‘yicha yirik texnologik platforma ochishga kelishildi. Bugungi kunda farmatsevtika cubstansiyalarini ishlab chiqarilishi uchun zarur infratuzilmalarni tashkil qilish yurtimiz farmatsevtika sanoatini rivojlantirishning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lgani bois bu platformaning yaratilishi sohaning rivojlanishiga, import o‘rnini bosuvchi dori preparatlarini arzon narxlarda iste'molchilarga yetkazib berishga, eksport mahsulotlarining sonini oshirishga xizmat qiladi.

– Shu paytgacha O‘zbekistonda dori preparatlarining asosiy substansiyalari xorijdan olib kirilmoqda, – deydi I. Abdurahmonov. – Shu sababli bizda substansiyalar sintezini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Hozir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo institutida va O‘simlik moddalari kimyosi institutida dori vositalarining substansiyalarini olish bo‘yicha ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, biroq aynan substansiyalarning sintezini amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan.

Dori preparatlari substansiyalari sintezi bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston-Xitoy tibbiy texnologik parkini Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasida tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, boshlang‘ich to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya miqdori muhokama qilinmoqda.

Farmatsevtik substansiya bu muayyan dori vositasini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan, amaldagi standartlarga mos kelgan holda ishlab chiqariladigan biologik nuqtai nazardan faol moddadir. Kelishuvlar natijasida, qator dori vositalarining substansiyasini sintez qilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kutilmoqda. Bunda kimyo va farmatsevtika sohalaridagi eng so‘nggi texnologiyalardan foydalaniladi.

Mavzuga oid
Top