8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

20:55 / 25.04.2019 57195

Past Darg‘omlik bezori mahalla tinchini buzmoqda: Hokim, IIB boshlig‘i va prokuror jim

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanidagi o‘zlariga tinchlik bermayotgan bir fuqaro ustidan «Mirzo Ulug‘bek» mahallasi ahli Kun.uz’ga arz qilib keldi. Tahririyat fuqarolar tomonidan yozilgan arizalar, tushuntirish xatlari, mahalla faollari tomonidan imzolangan dalolatnomalar, telefon suhbati audioyozuvlari va advokatning fikrlari bilan uzoq tanishib chiqdi.

Charxin qo‘rg‘onida joylashgan mazkur mahallada yashovchi bir guruh fuqarolarni qiynayotgan muammo bitta — mahallada joylashgan, «Balans Trans Servis» oilaviy korxonasiga tegishli avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish maskanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Sanjar Ziyayev ularni muttasil ravishda haqorat qilmoqda, zo‘ravonlik bilan umumfoydalanishdagi yo‘lkaga egalik qilmoqchi bo‘lyapti.

O‘z maqsadini amalga oshirish uchun u mana shu yo‘lka ichida joylashgan, mahalladagi xonadonlarni elektr energiyasi bilan ta'minlovchi transformator podstansiyasini ham ko‘chirib tashlash harakatida. Kunlarning birida mahalla ahli elektr chirog‘i o‘chib qolganidan so‘ng transformator yoqib yuborilganiga ham guvoh bo‘lishgan.

S.Ziyayev transformatorni katta ko‘chaga ko‘chirib yuborib, yo‘lkani o‘ziniki qilib olmoqchi va bu yerda avtomobillarni yuvish maskani barpo etmoqchi. Shu sababli, Samarqand – Kattaqo‘rg‘on yo‘li yoqasida ko‘chiriladigan transformator uchun yangi joy ham barpo etib qo‘ygan.

Mahalla faollari S.Ziyayev mahallada 2013 yildan beri foydalanib kelayotgan binoning hech qanday kadastr va boshqa hujjatlari yo‘qligi, hatto soliq, gaz ta'minoti, elektr tarmoqlari idoralariga ham hech qanday to‘lov qilmasligi yuzasidan ariza berishgan. Biroq soliq va MIBdan biror tayinli javob olinmagan. Hozircha faqat kadastr idorasi chindan ham Ziyayevning «Balans Trans Servis» oilaviy korxonasiga oid kadastr hujjatlari yo‘qligini tasdiqlab berdi.

Biz S.Ziyayevdan «Yo‘lak uchun hujjatlaringiz bormi?» deb so‘raganimizda «Hujjatlar tuman kadastr idorasida, ular rasmiylashtirib berishyapti» deb aytib o‘tdi.

S.Ziyayev mahalladagi umumiy foydalanuvdagi yo‘lakni egallab, fuqarolarni bu yerga kirgani qo‘ymagan va ariqni ko‘mib tashlagan. Bizning dastlabki o‘rganishimiz chog‘ida yo‘lakka darvoza ham o‘rnatilgan edi. Bir muddat avval tuman hokimi Sh.Xudoyberdiyevga ushbu vaziyatni shaxsan tushuntirganimizdan so‘ng, hokimlik vakillarining aralashuvidan keyin yo‘lkani berkituvchi noqonuniy o‘rnatilgan darvoza olib tashlandi.

Ushbu yo‘lakdan shu mahallada yashovchi, 40 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlagan otaxon M.R. janjallardan bezib, o‘z xonadoniga kiruvchi darvozadan ham foydalanmay qo‘ygan. Noiloj qolgan keksa o‘qituvchi tayyor ko‘cha turgani holda o‘z hovlisiga kirish uchun ko‘cha bo‘yida joylashgan ustaxonasidan eshik ochgan.

S.Ziyayev o‘zi ishlaydigan bino yonida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasining ham to‘laqonli ishlashiga mone'lik qilib kelmoqda. Bizga aytishlaricha, oshxona oshpazi va ishchilari muttasil haqorat qilinadi. Oshxonaning xo‘jalik bo‘limiga o‘tishi va mijozlar hojatxonaga kirishi uchun mo‘ljallangan eshigidan oyoq izlari arimaydi.

Oshxona mijozlari ilgari egallanmoqchi bo‘lgan yo‘lka bo‘ylab hojatxonaga o‘tishgan bo‘lsa, hozir ular uchun ham yo‘l yopilgan.

U oshxonaning yordamchi binolaridan ko‘chaga chiqqan novlarni qirqib, qayirib tashlagan. Buning oqibatida suv hovliga to‘planib, hovlidagi kanalizatsiya qudug‘ining ham tezda to‘lib qolishiga sabab bo‘lgan.

Kun.uz vakillari borgan kuni oshxonaning to‘lib qolgan kanalizatsiya qudug‘idan chiqindi suvlarini tortib ketish uchun kelgan mashina kirishiga to‘sqinlik hosil qilish uchun darcha oldiga uch yuk mashinasida tosh to‘kib, kamiga o‘z yengil avtomobili bilan kirish yo‘lini to‘sib olgan edi.

Faqatgina mahalla profilaktika inspektorlarining tushuntirishi, tuman hokimi o‘rinbosari Tolib Hamzayevning aralashuvi bilan («Tekshirib chiqdik: sizda bu joyga egalik qilish uchun hech qanday hujjat yo‘q», — degan so‘zlar yangragach) mashina yo‘ldan olindi va quduq tozalandi.

S.Ziyayev o‘ziga tegishli binoning orqa tomonidan fuqaro R.M.ning ko‘p yillik mehnati evaziga yetishtirgan mevali va manzarali daraxtlarini kesib, o‘tinlarini olib ketgan. Bundan ham achinarlisi, fuqarolar tuman atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasiga murojaat qilishganida, inspeksiya xodimlari «Endi kesib bo‘libdi-ku, nima ham qilamiz», degan vaj bilan hech qanday chora ko‘rmagan.

Mahalla ahli bilan suhbatlashar ekanmiz, ikki soatda ham aholining S.Ziyayevga nisbatan e'tirozlari tugay demasdi. Yana bir fuqaro F.K.ning o‘g‘lini S.Ziyayevning iti qopib olgan. S.Ziyayevga bor-yo‘g‘i «Itingni bog‘lab qo‘y», deya olgan fuqaro F.K.ning boshiga u shisha idish bilan urib tan jarohati yetkazadi. Bu voqealardan so‘ng qattiq qo‘rquv va og‘ir ruhiy holatni boshdan o‘tkazgan bolaning onasi og‘ir xastalikka duchor bo‘lgan.

Aslida, mahalla ahlining sabr kosasini to‘ldirgan jihat — ularni qo‘rquv ostida ushlab, haqoratlab, tahqirlab kelayotgan, ilgari bir necha bor sudlangan fuqaroning ishlari tuman ma'muriy sudida ko‘rib chiqilib, bor-yo‘g‘i jarima jazosi qo‘llanilayotganidir! Ziyayev esa fuqarolarni haqoratlash, tahdid qilishda davom etmoqda (Haqoratlashda davom etayotgani haqida tahririyatda audioyozuv bor. Ammo juda qo‘pol haqoratlarni ommaga havola etishni lozim topmadik).

Umuman Ziyayev ishi bo‘yicha va qarori bo‘yicha savollar juda ko‘p. Tegishli orderi bo‘lsa-da, tergov jarayonining advokatsiz olib borilgani g‘alati. Bu haqida bugun advokat ham norozilik bildirmoqda. Yana bir qiziq tomoni —yuqorida tilga olingan sud qarorlarida javobgar S.Ziyayev «muqaddam ma'muriy javobgarlikka tortilmagan», deb ko‘rsatilgan.

Kun.uz mazkur ish yuzasidan jabrlanuvchining advokati A.Shaxnazaryanning fikrlari bilan qiziqdi:

«S.Ziyayev bir necha bor jinoyat qilgani uchun sudlangan, — deydi advokat. — Biz viloyat IIB axborot markazi bilan bog‘lanib, bu haqda aniq ma'lumotga ega bo‘ldik. Ayni vaqtda ma'muriy sudlangani bo‘yicha ham so‘rov berganmiz. Umuman, ko‘plab fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilayotgan odamga qanday qilib yengillashtiruvchi holat qo‘llash mumkin».

Berilgan jazolardan xulosa chiqarmasdan, bugun ham qonun-qoidalarni oyog‘osti qilib kelayotgan insonga tuman sud-huquq idoralari haddan tashqari «mehribonchilik» qilib yubormayaptimikan? Unda undan jabr ko‘rayotgan mahalla ahliga kim mehr ko‘rsatadi?

Bunday deyishimizning sababi biz bu holat yuzasidan tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyevga uchraganimizda, hokim «Bunday zo‘ravonning faoliyatiga chek qo‘yib, u noqonuniy egallab olgan bino o‘rnida bolalar bog‘chasi quramiz», deganida aholini tinchlantirdik: vaziyatni shaxsan hokim o‘z nazoratiga oladi, deb. Biroq tuman hokimi mahallaga biror marta bormagan ham, mojaroli vaziyatni o‘rganmagan ham. Holbuki, bu joy shundoqqina hokimning uyidan ishga qatnaydigan katta yo‘l ustida. U har kuni shu yerdan o‘tadi.

Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Sherzod Qo‘ziyev ham bizning fuqarolar nomidan qilgan murojaatimizga javoban telefon orqali «Bu ishlar bizning vakolatimizga kirmaydi», deya javob berdi.

Bir zo‘ravonning atrofdagi yo‘lga kuch bilan egalik qilib turishiga pastdarg‘omlik mas'ullar qanday toqat qilyapti ekan?

Yangrayotgan haqorat-u, tahdidlarni bir chetga qo‘ya turaylik. Chunki Charxindagi IIB tayanch punkti rahbari, mayor Abbos Eshpo‘latovning tushuntirishicha, bu vaziyatda janjal kattalashib, qon to‘kila boshlasagina ichki ishlar xodimlari kelib vaziyatga aralashar ekan.

Lekin S.Ziyayevning qolgan xatti-harakatlari ham borib turgan o‘zboshimchalik-ku? Egallash huquqi bo‘lmagan umumfoydalanuvdagi yerni egallash va dov-daraxtlarni hech kimdan so‘ramasdan kesib tashlash — o‘zboshimchalik bo‘lmay nima?

Darvoqe, fuqarolar viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning sayyor qabulida ham shaxsan viloyat rahbariga murojaat qilishgan. Holatni sinchiklab o‘rganish ushbu hudud qaraydigan sektor rahbari — tuman prokuroriga topshirilgan.

Mahalla ahlining ma'lum qilishicha, tuman prokurori Asror Valiyev esa biror marta o‘z sektori bo‘lmish Charxinga kelib, mazkur holat yuzasidan aholi bilan gaplashmagan, vaziyatni o‘rganmagan. Qolaversa, bugun tuman prokuraturasi fuqarolarning ayni masala yuzasidan murojaatlarini umuman qabul qilmayapti ekan.

Prokuratura huzuridagi tuman MIB ham mazkur hududga elektr va gaz sarfi bo‘yicha to‘lovlar haqidagi aholining yozma murojaatlarini javobsiz qoldirib kelmoqda. Tahririyat xodimlarining ham Past Darg‘om tuman MIBiga bu boradagi bir necha og‘zaki so‘rovlari javobsiz qoldi.

«Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJning «Mirzo Ulug‘bek» mahallasi raisi Shuhrat Turg‘unboyev nomiga yozgan xatida transformator ko‘chirilmasligini bayon etgan. Lekin shunga qaramasdan, S.Ziyayev shu kunlarda yana bir bor montyorlar yordamida transformatorni ko‘chaga ko‘chirishga uringan. Faqatgina mahalla ahlining keskin noroziligidan so‘ng bu ish amalga oshmay qolgan.

Nima ham derdik — vaziyat og‘ir. Qiynalayotgan aholiga vakolatli davlat hokimiyati organlari yordam ko‘rsatishdan yo ojiz, yo buni istashmayapti. Sababini esa hech kim bilmayapti. Kun.uz esa Charxinda ro‘y berayotgan mazkur vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Sh.Shokirjonov, A.Mustafoqulov,

Kun.uz muxbirlari.

Top