18:50 / 25.04.2019
15367

Yaralangan qush hamon uchmoqda. «Tottenhem» qanday qilib top-klubga aylandi?

Yevropaning top-klublari deganda «Barselona», «Real», «MYu», «Bavariya», «Yuventus», «Liverpul» kabi jamoalarni sanashadi. Bunday klublar soni har kuni ham ko‘payavermaydi. Masalan, barcha muxlislar ham «PSJ» kabi jamoalarni top-darajada deb hisoblamaydi. Futbolning injiq muxlislari bu darajani uncha-muncha klublardan «qizg‘onadi» va top-darajaga ko‘tarilish uchun har yili sovrinlar yutishning o‘zini kam deb hisoblaydi.

Muxlislar orasida hurmat qozonish va top-darajadagi klub sifatida tan olinishi uchun jamoalarda bir narsa bo‘lishi kerak: AN'ANA! Bugun Yevropada bir jamoa borki aynan muxlislar ko‘z o‘ngida an'ana yaratayotgani sabab top-klub sifatida qabul qilinmoqda.

Bu jamoa ikkita transfer oynasida birorta futbolchi sotib olmay ham Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqishi mumkin. Ha, «Tottenhem»ni endi bemalol top-klub deb atay olamiz. Pochettinoning yigitlari birorta sovrin yutmagan bo‘lishsa-da, sovrinlar xonasida joy topilmay qolgan ko‘chlab boyvachcha jamoalardan ko‘ra ko‘proq muxlisga ega bo‘lib bormoqda.

Mashhur futbolchilarning hayotiga, ularning kerak-keraksiz fintlariga qiziqadigan muxlislar masalan «PSJ» libosini kiyib, Neymarning tattolarini sanab yurishlari mumkin, lekin haqiqiy futbolni, kurashlardan iborat futbolni yoqtiradiganlar «Tottenhem»ga befarq bo‘la olishmaydi. Bu jamoaning o‘yini odamga chinakamiga adrenalin beradi. «Tottenhem» qanday qilib siz-u bizning ko‘z o‘ngimizda top-klubga aylandi?

«Tottenhem» oxirgi ikkita transfer oynasi vaqtida birorta futbolchi sotib olmagani jamoaning iqtisodiy holati yaxshi emasligini anglatmaydi. Birinchidan, klub katta xarajat qilib (350-400 million funt sarflab) stadion qurdi. Ikkinchidan, Pochettino futbolchi sotib olaman deb «o‘lib-tirilgani yo‘q». Klub xo‘jayini Deniyeel Levi «Enic Group» investitsion korxonasi aksiyalarining katta qismini nazorat qiladi va u Britaniyaning o‘ziga tinch boylaridan. Xullas, «Tottenhem» uchun pul muammo emas. Shunchaki klub siyosatini katta transferlar asosiga qurmayapti va to‘g‘ri qilyapti. Levi 2001 yildan buyon «Tottenhem»ni boshqarib kelayotgani ham muhim fakt. Chunki klublar qo‘ldan-qo‘lga o‘tish natijasida parokandalikka uchrashi ko‘p kuzatilgan.

Rednapp davri

Vikipediyadan «Tottenhem»ning o‘tmishi, mashhur futbolchilari va murabbiylari haqidagi ma'lumotlarni ko‘chirib qo‘yishdan mantiq yo‘q, bizningcha. Keling, yaxshisi o‘zimiz biladigan, o‘zimiz guvoh bo‘lgan davrlar haqida gaplashsak. «Tottenhem»ning bugungi darajaga ko‘tarilishida mashhur angliyalik murabbiy Harri Rednappning hissasi katta.

Aynan Rednapp murabbiyligida «Tottenhem» ilk marta yangi formatdagi Chempionlar Ligasida qatnashish huquqiga ega bo‘lgandi. 2009/10 yilgi mavsumda jamoa APLda 4-o‘rinni qo‘lga kiritib, YeChL guruh bosqichiga chiqish uchun saralashda qatnashgandi. Saralashda «Yang Boyz»ni ko‘rdim demay mag‘lub etgan Garet Beyl va jamoadoshlari guruh bosqichiga chiqishadi. Garet Beylning «Inter»ga qarshi o‘yindagi «yakkaxon konserti» YeChLning aynan o‘sha mavsumiga to‘g‘ri kelgandi. Guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan «Tottenhem» chorak finalda «Real»ga mag‘lub bo‘ladi (0:4, 0:1).

«Tottenhem» oldin ham Yevropaning asosiy turnirida o‘ynagan va hatto yarim finalgacha yetib borgan. Ammo bu 60-70 yillar oldingi gap, u vaqtlarda turnir Yevropa chempionlari kubogi deb nomlanardi. Jamoa yangi tarixida esa aynan Rednapp bilan YeChLga yo‘llanma olib, yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. Har qanday jamoaning ko‘tarilishi uchun xalqaro maydondagi ishtiroki juda muhim. «Tottenhem» YeChLda chorak finalgacha chiqqanidan so‘ng Garet Beyl futbol tarixidagi eng qimmat o‘yinchiga aylanib (o‘sha vaqtda), «Real»ga ketdi. Modrich ham aynan «Tottenhem»dagi o‘yinlari sabab «Blankos»ga taklif qilingandi.

Beyl va Modrich ketganida «Tottenhem» yana bir bosqichni bosib o‘tdi. Ya'ni, ko‘plab yangi porlagan jamoalar boshiga tushadigan «yetakchilarini boy berish» bosqichini. Klub o‘sha vaqtda Beyl va Modrich kabi megayulduzlarni o‘z tarkibida ushlab qola olmasdi ham. Chunki, dunyoning eng mashhur klubi «Real» qayerda-yu, APLda kuchli to‘rtlikka «suqilib kirgani» bilangina maqtana oladigan «Tottenhem» qayerda. Bugun esa jamoa yetakchilarini bemalol saqlab qola oladi. Sovrin yutmayotgan bo‘lsa ham. Masalan, hozir «Tottenhem» Chempionlar Ligasi yarim finalchisi, «Real» esa Chempionlar Ligasi 1/8 finalida «Ayaks»ga mag‘lub bo‘lgan ispan klubi.

Pochettino davri

Rednapp ketganidan so‘ng «Tottenhem» bir muddat Andre Villash-Boash va Tim Shervud qo‘l ostida «sarson bo‘ldi». 2014 yil yozda esa Levi klub tarixidagi eng to‘g‘ri qarorlardan birini qabul qilib, «Sauthempton»da samarali ishlagan Maurisio Pochettinoni bosh murabbiy etib tayinladi. Argentinalik murabbiyning «Uayt Hart Leyn»dagi faoliyati orzu qilarli darajada boshlanmagandi.

Murabbiy «Sauthempton»dek faqat futbolchi sotadigan klubdan «Tottenhem»dek boy klubga kelganidan so‘ng «oldi orqasiga qaramay» transferlarni amalga oshirishi mumkin edi, lekin bunday qilmadi va Erik Dayyer, Ben Devis, Federiko Fasio kabi qimmat bo‘lmagan futbolchilarni sotib oldi. Masalan, Devis va Dayyer hozirgacha asosiy tarkib futbolchilari.

Pochettino bugungi asosiy tarkibini uzoq yillar mobaynida terib chiqdi desak bo‘ladi. Harri Keynni aynan Pochettino ijaradan qaytardi va asosiy jamoaga qo‘shdi (2014 yil). O‘sha yili quyi divizion jamoasidan Dele Alli sotib olindi. «Ayaks»dan sotib olingan Kristian Eriksen omadsiz transferlar qatorida tilga olinadigan oddiy futbolchi edi. Bugun u Yevropaning eng kuchli yarim himoyachilaridan biri va «Barselona» kimsan Inestaning o‘rniga nomzod deb qarayotgan pleymeyker.

O‘ng qanot himoyachisi Kiran Triper asosiy vinger Kayl Uoker «Siti»ga sotib yuborilishidan keyin porlab chiqdi va uning o‘yini shunchalik ochilib ketdiki, Sautgeyt jahon chempionatida Uoker hamda Triperning ikkalasiga ham asosiy tarkibdan joy topib berdi. Son Xyon Min esa Pochettinoning eng asosiy kashfiyoti. Oshib borsa Bundesligada o‘zini ko‘rsatgan osiyolik futbolchi deb qaralgan Son bugun butun boshli YeChL yarim finaliga chiqqan jamoaning asosiy futbolchisi (Keyn jarohat olganini inobatga olsak, Son asosiy yulduz).

Pochettinoning talabi bilan «Bayyer»dan sotib olingan «Sonni» (uni muxlislar shunday chaqirishadi) birinchi mavsumida kutilgan o‘yin namoyish qilmadi, lekin keyinchalik jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. «Tottenhem» hujum to‘rtligining (Keyn-Alli-Son-Eriksen) eng tezkor vakili bo‘lgan koreyalik yulduz Chempionlar Ligasi yarim finalida «Siti»ni mag‘lub etishda asosiy qahramon bo‘ldi.

Yaralangan qush

«Tottenhem»ning ramzi xo‘roz ekanini bilasiz. Aslida jo‘jaxo‘roz. Uning ismi ham bor: Chirpi. Demak sarlavhadagi qushning ma'nosi tushunarli, lekin nega yaralangan deysizmi? Chunki Chempionlar Ligasi chorak finalining «Manchester Siti»ga qarshi birinchi o‘yinida jamoa yetakchisi Harri Keyn jarohat oldi. Uning jarohati Pochettinoni shunchalik xafa qildiki, u futbolchisiga jarohat yetkazgan Fabian Delfga e'tirozini bildirish uchun maydonga chiqib ketdi. Keynning jarohati birinchi o‘yinda g‘olib bo‘lganiga qaramay, «Tottenhem»ning imkoniyatlarini keskin tushirib yuborgandi.

Biroq Pochettino shogirdlari asosiy futbolchilarisiz, ya'ni yaralangan holatda ham Angliyaning eng kuchli jamoasini mag‘lub eta olishdi. «Tottenhem» YeChL nimchorak finalidayoq musobaqani tark etishi aytilgan va «Borussiya»ning yangi avlodi «xo‘rozlar»ni yengishi taxmin qilingandi, lekin «Tottenhem» dortmundliklar to‘sig‘idan osonlik bilan o‘tishdi.

Finalgacha esa bir qadam qoldi. Final ostonasida «Real» va «Yuventus»ni musobaqadan chiqarib yuborgan «Akyas» kutib turibdi. Bu qarama-qarshilikda ham «Borussiya» hamda «Siti»ga qarshi o‘yinlarda bo‘lgani kabi «Tottenhem»ning imkoniyati pastroq baholanmoqda, ammo «Ayaks» YeChL joriy mavsumida bu qadar g‘alaba va sovrinlar o‘tida yonayotgan shijoatli jamoaga qarshi o‘ynab ko‘rmadi. Shu sabab «Tottenhem» Keynsiz Chempionlar Ligasi finaliga chiqsa, bundan ajablanmaslik kerak.

Darvoqe...

Biz top-klub deyishga odatlangan «Barselona», «Real» «Yuventus» yoki «Bavariya» kabi jamoalarni birlashtiradigan yana bir jihat bor. Ularda mamlakat terma jamoasining ko‘plab futbolchilari o‘ynashadi. Bugun «Tottenhem» mana shu jihatdan ham maqtanishi mumkin. «Uch sherlar»ning eng asosiy ikki futbolchisi Harri Keyn hamda Dele Alli aynan «Tottenhem» a'zolaridir. Ulardan tashqari Kiran Triper, Erik Dayyer, Deni Rouz va Harri Uinks kabi futbolchilar ham terma jamoaga muntazam chaqirilishadi.

Xullas, Angliyada yana bir superklub paydo bo‘lganidan xursand bo‘lishimiz kerak. Kim bilsin, hali vaqti kelib «Tottenhem» ko‘z o‘ngimizda katta jamoaga aylanganini aytib, maqtanib ham qo‘yarmiz...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid
Top