07:33 / 26.04.2019
13891

Shimoliy Koreya amerikalik talabani davolagani uchun AQShdan 2 mln dollar talab qilgan

Foto: Guo Yina / Globallookpress.com

Shimoliy Koreya AQSh hukumatidan AQShga koma holatida qaytarilgan va keyinroq vafot etgan amerikalik talaba Otto Vombiyerni davolaganlik uchun 2 mln dollar talab qilgan. Bu haqda manbalarga iqtibos keltirgan holda The Washington Post nashri xabar berdi. 

Ushbu hisob talabani olib ketgani Shimoliy Koreyaga 2017 yil iyunda kelgan AQSh vakili Jozef Yunga berilgan.  

Vombiyer 2016 yil yanvarda Shimoliy Koreyaga sayohati vaqtida mehmonxona devoridan siyosiy plakatni yulib olgan. Shimoliy Koreya oliy sudi talabani bu ishi uchun 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. U panjara ortida bosh chanog‘i-miya jarohatini olib, koma holatiga tushgan. 2017 yil 13 iyunda Vombiyer “insonparvarlik nuqtai nazaridan” ozod qilinib, AQShga og‘ir ahvolda topshirilgan. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik talabaning AQShga qaytarilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilganda Shimoliy Koreyaning bu talabiga rozi bo‘lgan. Shu bilan birga Shimoliy Koreya taqdim qilingan hisob to‘lab berilgani yoki yo‘qligi haqida ma'lumot yo‘q. 

O‘z navbatida Vombiyerning ota-onasi farzandining o‘limi uchun kompensatsiya to‘lanishi talabi bilan Shimoliy Koreyaga qarshi da'vo arizasi topshirgan.

Top